
IXTI va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
IXTI va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi

Markaziy Osiyoda ikkinchi Xitoyshunoslik forumi doirasida Markaziy Osiyo sun'iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov tomonidan imzolandi. Memorandumning imzolanishi sun'iy intellekt, raqamli transformatsiya, xalqaro munosabatlar va amaliy ilmiy-tahliliy tadqiqotlar kesishmasida fanlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo'ldi.
Memorandumning asosiy maqsadi – tomonlarning sun'iy intellekt, raqamli siyosat sohasidagi o‘zaro hamkorligi hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga yo‘naltirilgan tahliliy materiallarni tayyorlash uchun institutsional asos yaratishdan iborat. Hamkorlik AICAning sun’iy intellekt sohasidagi amaliy tajribasini IXTIning xalqaro munosabatlar, energetika geosiyosati, barqaror rivojlanish va iqtisodiy diplomatiya masalalaridagi tadqiqot salohiyati bilan birlashtirishga qaratiladi.
Memorandum doirasida tomonlar Markaziy Osiyodagi sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va ularning xalqaro jarayonlarga ta’siri masalalari bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tahliliy tadqiqotlar olib borish, siyosiy tavsiyalar, tahliliy ma’ruzalar va ekspert materiallarini tayyorlashni mo‘ljallamoqda. Ekspertlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar ishtirokida qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini o'tkazishga alohida e‘tibor qaratiladi.
Tomonlar shuningdek IXTIning tadqiqot markazlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektni tartibga solish va texnologik transformatsiya masalalari bo‘yicha fanlararo tavsiyalar tayyorlash bo‘ladi.



