
JIDUda statistik tahlilning zamonaviy usullari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
JIDUda statistik tahlilning zamonaviy usullari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

2025-yil 4-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Tizimli tahlil va matematik modellashtirish kafedrasi tomonidan ilmiy seminar o‘tkazildi. Tadbirda Abdulla Maedh Moslih Almarashi (Abdullah Maedh Moslih Almarashi) – Qirol Abdulaziz universiteti (King Abdulaziz University, Saudiya Arabistoni) professori ishtirok etdi. Yig‘ilish onlayn shaklda Zoom platformasi orqali bo‘lib o‘tdi.
Professor Almarashi o‘z ma’ruzasida zamonaviy statistik modellashtirish va vaqt qatorlarini tahlil qilish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Xususan, yangi taqsimotlar oilalarini qurish, gibrid prognozlash modellari ishlab chiqish va ularning iqtisodiyot, moliya hamda tibbiyot sohalaridagi qo‘llanilishiga doir yondashuvlar muhokama qilindi.
Seminarda kafedra o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari bilan bir qatorda taklif etilgan olimlar ham ishtirok etdilar — fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonning xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mersaid Aripov (O‘zbekiston Milliy universiteti) va professor O. Sh. Sharipov (O‘zbekiston Milliy universiteti, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasi mudiri).
Ishtirokchilar taqdim etilgan ma’ruzaning yuqori ilmiy darajasini qayd etib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Qirol Abdulaziz universiteti o‘rtasida amaliy statistika va matematik modellashtirish sohasida keyingi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.




