
“Ma’muriy sud ish yurituviga oid qonunchilikni zamonaviy ilmiy doktrina asosida takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi
“Ma’muriy sud ish yurituviga oid qonunchilikni zamonaviy ilmiy doktrina asosida takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi

2025-yil 24-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ma’muriy sud ish yurituviga oid qonunchilikni zamonaviy ilmiy doktrina asosida takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbati JIDU qoshidagi Ommaviy huquq markazi hamda “Xalqaro huquq va davlat-huquqiy fanlar” kafedrasi tomonidan, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti huzuridagi Amaliy tadqiqotlar markazi hamkorligida hamda O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi ishtirokida tashkil etildi. Tadbirning maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining yangi tahriri loyihasini tayyorlashda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘maklashishdan iborat edi.
Davra suhbatida Oliy sud vakillari, idoralararo komissiya a’zolari, Ommaviy huquq markazi, kafedra, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, advokatura vakillari, shuningdek ma’ruzalar bilan, ma’muriy huquq va protsess muammolariga ilmiy qiziqish bildirgan izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida “Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks” (MSIYtK) yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, Idoralararo komissiya tomonidan tayyorlanayotgan loyihada aniqlangan kamchiliklar, 2025-yil 30-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-33-son qarori bilan tasdiqlangan “Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi” talablariga muvofiqligi, shuningdek, zamonaviy ilmiy doktrina nuqtayi nazaridan zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar, loyihani takomillashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning yangi tahriri loyihasi ilmiy asoslangan bo‘lishi, zamonaviy ma’muriy adliya va ma’muriy huquq doktrinasiga muvofiq kelishi, O‘zbekiston ma’muriy huquqining ikki asosiy manbai – “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun (MTTQ) va “Ma’muriy sud ish yurituvi to‘g‘risidagi” kodeks (MSIYtK)ning tizimlashtirilishini ta’minlashi zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, da’vo shaklidagi sud ish yurituvini joriy etish va sudning faol rolini to‘liq amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ommaviy huquq markazi tomonidan ishtirokchilarga “Zamonaviy ilmiy doktrina nuqtayi nazaridan O‘zbekistonda ma’muriy sud ishlari yurituvini isloh qilish” nomli ma’lumotnoma-uslubiy qo‘llanma taqdim etildi. Ushbu qo‘llanma TXVU Amaliy tadqiqotlar markazi ko‘magida, MSIYtKning yangi tahriri loyihasini tayyorlashda Idoralararo komissiyaga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan.
| Sana: | 25.10.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 23 |
| Ulashish: |




