O‘zbekiston va Italiya arxeologlari o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda
O‘zbekiston va Italiya arxeologlari o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda
10-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Tarix va arxeologiya. Madaniy meros va hududlar qiymatini oshirish” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Milliy arxeologiya markazi, Tarix instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti rahbariyati va ilmiy xodimlari,Italiyaning Sharqshunoslik instituti olimlari, JIDU professor-o‘qituvchilari va mamlakatimizning boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, yangi muvaffaqiyatlarga erishish, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashda qo‘shma ilmiy loyiha va izlanishlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Italiyaning O‘zbekistondagi Elchisi Agostino Pinna mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar mustahkamlanib borayotgani, ilm-fan va ta’lim sohasidagi sheriklikning katta istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxrom Abduxalimov italiyalik arxeologlarning o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda keng ko‘lamli tadqiqotlar uchun asos bo‘ladigan noyob ashyolarni kashf etganini yuksak baholadi.
Anjuman davomida nutqqa chiqqan Neapol – L’Oriental (Sharq) universiteti rektori Karlo Alfonso Nallino islom merosi masalalariga to‘xtalar ekan, bugungi O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan buyuk olim va dinshunoslarning hissasini alohida ta’kidladi.
O‘z navbatida, mazkur universitet vakili, Italiyaning O‘zbekistondagi arxeologiya missiyasi direktori Bruno Genito o‘zbek xalqining boy madaniy merosini ochib berish va baholashga xizmat qiladigan hududimizda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari haqida gapirdi.