2026-yil 14-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva rahbarligida Xalqaro huquq fakulteti 3-kurs talabalari uchun “Moliya va soliq huquqi” fanidan mahorat darsi tashkil etildi. Mavzu: “Bank sohasi: tamoyillar, risklar, trendlar va huquqshunos uchun imkoniyatlar”. Mahorat darsini “Agrobank” ATB Risk-menejment departamenti bosh mutaxassisi, JIDU bitiruvchisi Qurbonboyev Oybek Komiljon o‘g‘li o'tkazdi. Ma'ruzachi bank qanday ishlashi va nima uchun u eng qattiq tartibga solinadigan biznes turlaridan biri ekanini tushuntirib berdi. U O'zbekiston bank tizimini raqamlarda taqdim etdi hamda bank faoliyatining oltita tamoyili — ishonch, likvidlik, kapital yetarliligi, bank siri, "mijozni bilish" (KYC), qonuniylik va nazorat haqida so'zlab berdi. Kreditlash tamoyillari va sohaning huquqiy asoslariga — Fuqarolik kodeksidan tortib bank siri hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilikkacha alohida to'xtalib o'tdi. Shundan so'ng ma'ruzachi asosiy bank risklari va “uch himoya chizig‘i” modelini tahlil qildi. U yangi tahdidlar — firibgarlik va kiber xavflar, shuningdek, sohadagi asosiy trendlar: raqamli banklar, xususiylashtirish, islom moliyasi, sun'iy intellekt va ESG yondashuvlari haqida gapirdi. Yakunda bankda huquqshunos qaysi yo'nalishlarda ishlashini ko'rsatib berdi: yuridik departament, komplayens, muammoli aktivlar va garov bilan ishlash, risk-menejment hamda regulyator tomonida. Talabalar mavzuga katta qiziqish bildirib, faol savollar berdilar. Oybek Komiljon o‘g‘li har bir savolga batafsil va to'liq javob qaytardi. Ayniqsa, tajriba bilan JIDU bitiruvchisi o'rtoqlashgani qimmatli bo'ldi: u o'z misolida talabalarga moliya huquqi bo'yicha bilimlar kasbda qanday qo'llanilishini ko'rsatib berdi. Mahorat darsi bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog'liq. U 8-BRM “Munosib mehnat va iqtisodiy o'sish” (8.10-vazifa — moliya institutlari salohiyatini mustahkamlash va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish) hamda 16-BRM “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar”ga mos keladi. 16-BRM bilan uni KYC, komplayens va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish masalalari bog'laydi: ular 16.4-vazifa — noqonuniy moliyaviy oqimlarni qisqartirishga xizmat qiladi. Amaliyotchi bitiruvchi bilan uchrashuv 4-BRM “Sifatli ta’lim”ga (4.4-vazifa) ham hissa qo'shadi: u talabalarda mehnat bozorida talab qilinadigan kasbiy ko'nikmalarni rivojlantiradi.
2026-yil 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II qalamiga mansub “Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” (“So‘nggi eng yaxshi imkoniyatimiz: tahlika davrida tinchlikka intilish”) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Iordaniya Podshohining asarida yoritilgan xalqaro munosabatlar, diplomatiya, mintaqaviy xavfsizlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Demiya Zuhayr Haddad, shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), akademik va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi. “Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” avtobiografik asar bo‘lib, unda Podshoh Abdulla II davlat boshqaruvi va diplomatik faoliyatdagi tajribasi, xalqaro siyosat haqidagi mulohazalari hamda zamonaviy dunyoning asosiy muammolariga doir qarashlari bilan o‘rtoqlashadi. Kitobda Isroil–Falastin mojarosi, mintaqaviy barqarorlik, terrorizmga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tadbirda asosiy ma’ruza bilan elchi, JIDU Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Anvar Abduhalimov ishtirok etdi. U asarning asosiy g‘oyalarini taqdim etib, muallifning Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlar, xavfsizlik masalalari hamda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishda diplomatiyaning o‘rni haqidagi qarashlarini yoritib berdi. Tadbir davomida barqaror tinchlikni ta’minlashda siyosiy muloqot, xalqaro hamkorlik va diplomatik tashabbuslarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Iordaniyaning tashqi siyosiy yondashuvlari, Yaqin Sharq mintaqasidagi zamonaviy tahdidlar hamda global beqarorlik sharoitida davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, asarda ilgari surilgan siyosiy yetakchilik, davlat arboblarining mas’uliyati va murakkab xalqaro ziddiyatlarni hal etishda o‘zaro murosaga erishish zarurati haqidagi fikrlar alohida qiziqish uyg‘otdi. Muhokamalar kitobda bayon etilgan g‘oyalarni zamonaviy geosiyosiy jarayonlar nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkonini berdi. Mazkur taqdimot akademik va ekspertlar muloqotini kengaytirish, Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarni chuqurroq anglash, shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamda intellektual aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetining birinchi bosqich talabalari uchun universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga tanishuv tashrifi tashkil etildi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning siyosatshunoslik fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularni mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar, siyosiy partiyalar faoliyati hamda demokratik institutlarning jamiyat hayotidagi o‘rni bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuv davomida talabalarga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining tashkil topish tarixi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, dasturiy maqsad va vazifalari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki hamda amalga oshirilayotgan tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, partiyaning jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Muloqot jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtiroki va fuqarolik faolligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Mazkur tashrif nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini amaliy misollar bilan boyitish, balki ularning siyosiy jarayonlarni tahlil qilish, mustaqil fikrlash va siyosiy institutlar faoliyatini chuqurroq anglash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, uchrashuv yakunida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘rtasida kelgusida hamkorlikni rivojlantirish, talabalar uchun amaliy uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
2026-yil 11-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston manfaatlari” kursi doirasida taniqli janubiy koreyalik diplomat, Koreya Respublikasining Jenevadagi sobiq elchisi, “Lee & Ko GCI” prezidenti Choi Seok-youngning “Koreya Respublikasi tashqi savdo siyosatining evolyutsiyasi va olingan saboqlar” (Evolution of Korea’s Foreign Trade Policy and Lessons Learned) mavzusidagi ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi. Ma’ruza davomida diplomat Koreya Respublikasi tashqi savdo siyosatining shakllanishi va rivojlanishini atroflicha tahlil qilib, mamlakatning iqtisodiy transformatsiyasi hamda jahon savdo tizimiga integratsiyalashuvining asosiy bosqichlarini yoritib berdi. Janubiy Koreyaning iqtisodiy o‘sishning eksportga yo‘naltirilgan modeliga o‘tishi, sanoat salohiyatini yuksaltirish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish hamda tashqi savdoni izchil liberallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda davlat iqtisodiy siyosati, xalqaro savdo bitimlari va eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining tutgan o‘rnini ko‘rib chiqdi. Koreya Respublikasining ko‘p tomonlama savdo tizimidagi ishtiroki, jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST) doirasidagi faoliyati, erkin savdo bitimlari tarmog‘ini kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari ma’ruzaning alohida mavzusi bo‘ldi. Shu bilan birga, Choi Seok-young geo-iqtisodiy raqobatning kuchayishi, proteksionizmning o‘sishi, global ta’minot zanjirlarining transformatsiyasi va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga doir yondashuvlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq jahon savdosining zamonaviy chaqiriqlariga to‘xtalib o‘tdi. Kuchayib borayotgan geosiyosiy noaniqlik sharoitida xalqaro savdo tizimini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Koreya Respublikasining iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish hamda raqobatbardosh eksport iqtisodiyotini shakllantirish borasidagi tajribasi katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur yondashuvlar O‘zbekiston uchun tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni nuqtayi nazaridan muhim amaliy ahamiyatga egadir. Ushbu ma’ruza talabalarga xalqaro iqtisodiy munosabatlar, savdo diplomatiyasi va tashqi iqtisodiy siyosat sohalaridagi bilimlarini chuqurlashtirish, shuningdek, xalqaro savdo sohasidagi yetakchi mutaxassislardan birining amaliy tajribasi bilan tanishish imkonini berdi. Ma’ruza yakunida interaktiv savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda talabalar diplomatga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniga ega bo‘ldilar. Choi Seok-young ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytarib, xalqaro savdo va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi kasbiy tajribasi hamda amaliy kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi tomonidan 12-noyabr kuni birinchi kurs talabalari uchun “How to Master Public Speaking Skills” (“Notiqlik san’atini qanday egallash mumkin”) mavzusida master-klass tashkil etildi. Tadbir kafedra o‘qituvchisi Shohsanam Usmanova tashabbusi bilan o‘tkazildi. Master-klassga taniqli mutaxassis, xalqaro miqyosdagi ELT eksperti, pedagog va mukofotlarga sazovor bo‘lgan notiq Rimajon Sotlikova mehmon-ma’ruzachi sifatida taklif etildi. Rimajon Sotlikova O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ingliz filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, Indoneziyaning Yogyakarta davlat universitetida amaliy lingvistika bo‘yicha magistr hamda ingliz tili ta’limi fanlari bo‘yicha PhD darajalarini olgan. Hozirda u Toshkent shahridagi Webster universitetining MA TESOL dasturida dotsent, shuningdek Yangi O‘zbekiston universitetining MA TESOL va amaliy lingvistika dasturlarida professor sifatida faoliyat yuritmoqda. Master-klass talabalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, fikrni aniq va ta’sirchan ifodalash hamda auditoriyani ilhomlantira olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida ma’ruzachi notiqlikning samarali usullari, nutqni tayyorlash va tuzish, auditoriya bilan aloqa o‘rnatish, hayajonni boshqarish hamda g‘oyalarni ishonarli taqdim etish sirlari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir interaktiv shaklda o‘tib, talabalar savollar berish, amaliy mashqlarda ishtirok etish va o‘z fikrlarini ingliz tilida bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu master-klass talabalarning nafaqat o‘qish jarayonida, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatida ham zarur bo‘lgan muhim kommunikativ ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, tadbir Barqaror rivojlanish maqsadi 4: Sifatli ta’lim tamoyillari bilan hamohang bo‘lib, talabalarga amaliyotga yo‘naltirilgan va zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini yaratishga hissa qo‘shdi. Ingliz tili kafedrasi mehmon-ma’ruzachi Rimajon Sotlikovaga mazmunli va foydali master-klass uchun, shuningdek tadbirda faol ishtirok etgan barcha talabalar va universitet ma’muriyatiga samimiy minnatdorlik bildiradi.
2026-yil 12-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro huquq va Xalqaro munosabatlar fakultetlarining 1- va 2-kurs talabalari uchun ingliz tili fanidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) bag’ishlangan poster taqdimoti loyihasi o’tkazildi. Mashg’ulot o’qituvchi Muratova Marxabo Safarovna rahbarligida tashkil etildi. Loyihaning asosiy yo’nalishi ekologik muammolarni BRM bilan bog’lash bo’ldi. Talabalar guruhlarda ishlab, ekologik maqolalarni tanladilar va har bir muammo kamida ikkita BRM ga erishishga qanday to’sqinlik qilishini tahlil qildilar. Posterlarda quyidagi maqsadlar yoritildi: · BRM 3 – Sog’liq va farovonlik · BRM 6 – Toza suv va sanitariya · BRM 11 – Barqaror shaharlar va aholi punktlari · BRM 12 – Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish · BRM 13 – Iqlim o’zgarishiga qarshi kurash · BRM 14 – Suv ostidagi hayot · BRM 15 – Quruqlikdagi hayot Shuningdek, posterlarda maqola sharhi, asosiy dalillar, ekologik va ijtimoiy oqibatlar, yechimlar hamda O’zbekiston sharoitida BRM ga erishish bo’yicha amaliy takliflar aks etdi. Har bir guruh 10-12 daqiqalik taqdimot o’tkazdi, nutq vaqti a’zolar o’rtasida teng taqsimlandi va talabalar savollarga javob berdilar. Loyiha talabalarning tadqiqot, tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash va ingliz tilida ommaviy nutq ko’nikmalarini rivojlantirib, ularda barqaror rivojlanish masalalariga mas’uliyatli munosabatni shakllantirdi.
Joriy yilning 12-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi aʼzolarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputatlari va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari qatnashdi. Deputatlar talabalarga Qonunchilik palatasining tuzilishi va vakolatlari haqida soʻzlab berdi. Qonun loyihalari qanday tayyorlanishi, muhokama qilinishi va qabul qilinishi, qoʻmitalar va siyosiy partiya fraksiyalari parlamentda qanday ishlashi haqida ham maʼlumot berildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda parlamentning oʻrni, parlament diplomatiyasi va xalqaro parlamentlararo hamkorlikka ham alohida toʻxtalindi. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari partiyaning faoliyati va ustuvor yoʻnalishlarini tanishtirdi. Ular atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi. Shu kuni talabalar Qonunchilik palatasining diqqatga sazovor joylari, jumladan, Oliy Majlis tarixi aks etgan muzey, parlament kutubxonasi hamda qonunlar qabul qilinadigan katta majlislar zali bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv ochiq muloqot shaklida oʻtdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berib, ularga batafsil javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalar davlat hokimiyati organlarining faoliyatini amalda yaqindan oʻrganish imkoniga ega boʻladi.
Joriy yilning 11-noyabr kuni “Politologiya” fani doirasida 1-bosqich talabalari uchun “Siyosiy partiyalar” mavzusida deputatlar ishtirokida amaliy sayyor mashg‘ulot tashkil etildi. Mazkur tadbir Politologiya kafedrasi o‘qituvchisi Maratova Xurliman rahbarligida o‘tkazildi. Tadbir davomida deputatlar tomonidan talabalar uchun mahorat darsi tashkil etilib, unda siyosiy partiyalarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, ularning asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari hamda deputatlik faoliyatining o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, siyosiy partiyalarning qonunchilik jarayonidagi ishtiroki, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, aholi bilan muloqot qilish va dolzarb ijtimoiy masalalarni hal etishdagi o‘rni xususida fikr almashildi. Uchrashuv davomida 1-bosqich talabalari deputatlar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va siyosiy jarayonlar yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mazkur sayyor mashg‘ulot talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlash, siyosiy dunyoqarashini kengaytirish, siyosiy savodxonligini oshirish hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qildi.