
JIDUda ilk marta “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish haftaligi” doirasida “Talabalar innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi” tashkil etildi
JIDUda ilk marta “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish haftaligi” doirasida “Talabalar innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi” tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Barqaror rivojlanish maqsadlari” fani doirasida “Xalqaro munosabatlar” fakultetining 2-bosqich talabalari o‘rtasida Talabalar innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazmada 100 ga yaqin talabalar o‘z ishlanmalari, innovatsion va kreativ g‘oyalari bilan ishtirok etishdi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadlaridan biri bu barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazma mobaynida talabalar ekologik toza, sog‘lom turmush tarzi uchun foydali oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, atrof-muhitni asrash, ichimlik suvini tejashga oid innovatsion ishlanmalar, kosmetologik kreativ g‘oyalar bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, talabalar o‘zlarining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM)ga bag‘ishlangan tasviriy san’at namunalarini ham taqdim etishdi.
Ko‘rgazma davomida talabalar o‘rtasida BRM borasida O‘zbekiston hududida viloyatlar kesimida joriy holat va mavjud muammolar yechimiga bag‘ishlangan fikrlar almashinuvi ham tashkil etildi.
Ko‘rgazma yakunida JIDUda tahsil olayotgan turk talabasi 17-maqsadga bag‘ishlangan “Kardeshim” nomli qo‘shiqni kuylab barchani tinchlik va hamjihatlik ne’matini asrab-avaylashga undadi. Ko’rgazma juda ham ochiq, ko‘tarinki va mazmunli tashkil etildi.




