
JIDU talabalari uchun Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi tomonidan mahorat darsi tashkil etildi
JIDU talabalari uchun Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi tomonidan mahorat darsi tashkil etildi

Joriy yilning 24-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “OAV va Siyosat” fani doirasida Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Burxanov Axror Taxirovich tomonidan ochiq mahorat darsi o‘tkazildi.
Ma’ruzada Axror Burxanov Tashqi ishlar vazirligining tuzilishi va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, uning bo‘linmalari faoliyatini yoritdi, hamda O‘zbekistonda tashqi aloqalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsiyalar haqida tushuntirib berdi. Shuningdek, u davlat tashqi siyosatida hamkorlik sohalarini olib borishda OAV va Raqamli diplomatiyaning o‘ziga hos xususiyatini, qo‘shni davlatlar bilan olib borilayotgan o’zaro diplomatik munosabatlarda, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilishda strategiyalarni olib borilish mexanizmlari haqida ma’lumot berib o‘tdi. O‘zining boy kasbiy tajribasiga tayangan holda, Axror Burxanov mazkur fanni o‘zlashtirishning zarurligini ta’kidladi va ularning bugungi global siyosiy maydonda davlatimiz imijini mustahkamlashda amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliy misollar bilan boyitish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va professional javoblar olish imkonini berdi. Bunday tadbirlar universitetning davlat idoralari bilan hamkorligini mustahkamlashga, hamda siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar sohasida bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.




