
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mashhur koreyalik diplomat Chon Iy Yon bilan uchrashuv o‘tkazildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mashhur koreyalik diplomat Chon Iy Yon bilan uchrashuv o‘tkazildi

2025-yil 21-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida rahbariyat, talabalar va professor-o‘qituvchilar mashhur koreyalik diplomat va siyosatchi, Koreya Respublikasining sobiq Tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tashrifning asosiy maqsadi uning “Koreyaning geosiyosiy chaqiriqlari va O‘zbekiston-Koreya munosabatlari” mavzusidagi ma’ruzasi bo‘ldi.
Yuqori martabali diplomatni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.
Janob Chon Iy Yon JIDUdagi ma’ruzasida zamonaviy dunyoda Koreya yarimoroliga taalluqli dolzarb geosiyosiy muammolarni, shuningdek, O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar shiddat bilan rivojlanib, o‘zaro ishonch va manfaatdorlikning yuqori darajasini namoyon etmoqda.
Janob Chon Iy Yonning tashrifi JIDUning Koreya Respublikasining yetakchi ta’lim va ilmiy markazlari bilan uzoq yillik va samarali aloqalarini yanada mustahkamlaydi. Universitet Koreya universiteti, Hankuk chet tillari universiteti va Keimyung universiteti kabi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik munosabatlarini faol rivojlantirmoqda. Bu hamkorlik doirasida talabalar almashinuvi dasturlari va qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, universitet Koreya jamg‘armasi (The Korea Foundation) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) kabi koreys tashkilotlari bilan ekspertlar forumlarini o‘tkazish va raqamli ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda muvaffaqiyatli hamkorlik olib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Li Chje Myon prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ta’kidlanganidek, Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan ortdi. Ikki tomonlama hamkorlik mashinasozlik, kimyo, transport, biotexnologiya va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olmoqda.
Ushbu tadbir JIDUning xalqaro muloqotni rivojlantirishga va talabalarga dunyoning yetakchi mutaxassislaridan ta’lim olish uchun noyob imkoniyat yaratishga bo‘lgan sadoqatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun: Chon Iy Yon Koreya yarim orolining zamonaviy diplomatiyasidagi asosiy shaxslardan biridir. U 2021-2022 yillarda Tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilib, mamlakat tashqi siyosatining shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Xozirda Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP)ning Doimiy qo‘mitasi raisidir.
| Sana: | 23.10.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 110 |
| Ulashish: |




