
JIDUga Italiya elchixonasi va Deputatlar palatasi vakillari tashrif buyurishdi
JIDUga Italiya elchixonasi va Deputatlar palatasi vakillari tashrif buyurishdi

Joriy yilning 11-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Italiyaning deputatlar palatasi vakili, siyosatchi Paolo Alli va Italiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Andrea De Felip tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralarda universitetning Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov va universitet qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Amerika tadqiqotlari markazi rahbari Ulug‘bek Ishanxo‘jaev ham ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida rektor Sodiq Safoyev Italiya delegatsiyasi a’zolariga JIDU faoliyati, uning akademik yutuqlari hamda xalqaro hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari haqida qisqacha ma’lumot berdi. Shuningdek, u so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqasi o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini alohida e’tirof etib, Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitining tarixiy ahamiyatini ta’kidladi.
O‘z navbatida, janob Paolo Alli Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi, ayniqsa Italiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanayotganiga e’tibor qaratdi. Shu o‘rinda, mehmon Yevropa Ittifoqi parlamenti a’zosi sifatida faoliyat yuritgan yillarida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha xalqaro masalalar uchun mas’ul vakil bo‘lgani hamda O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashda bo‘lgan vazifalari yuzasidan so‘z yuritdi.
Italiya elchisi Andrea De Felip esa ikki davlat o‘rtasidagi “yumshoq kuch” diplomatiyasini mustahkamlash, universitetlar o‘rtasida akademik almashinuv va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli, barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, bu borada tegishli hamkorlik hujjatini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.