
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Kuvayt Davlatidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Kuvayt Davlatidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 16-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasining Kuvayt Davlatidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ayubxon Yunusov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik masalalariga katta qiziqish bildirgan JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda A.Yunusov Kuvaytdagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatni batafsil yoritib, O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini tahlil qildi, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning ijobiy dinamikasini qayd etdi.
Uchrashuvda xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elchi diplomatik vakolatxonalar va ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish muhimligini ta’kidlab, bunday tadbirlar bilim almashish, amaliy hamkorlik qilish va talabalarda tashqi siyosiy faoliyat mexanizmlarini chuqur tushunishni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Elchi, shuningdek, diplomatik xizmat tizimidagi boy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, kasbiy yo‘li va samarali diplomatik karyeraning asosiy jihatlari haqida so‘zlab berdi. U xalqaro munosabatlar bilan qiziquvchi talabalarga tahliliy fikrlash, diplomatik etika, xorijiy tillarni bilish va madaniyatlararo muloqot qobiliyati kabi ko‘nikmalarga e’tibor qaratgan holda amaliy tavsiyalar berdi.
Talabalar muhokamada faol ishtirok etib, O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan o‘zaro hamkorligi mavzusi, muvaffaqiyatli investitsiya va ta’lim loyihalari namunalari bo‘yicha savollar berishdi, shuningdek, tashqi siyosat sohasidagi karyera imkoniyatlari bilan qiziqishdi.
Uchrashuv yakunida JIDU va Kuvaytning akademik va diplomatik tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Elchi ikki tomonlama akademik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, bunday muloqotlar xalqaro munosabatlar sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhimligini ta’kidladi.