
JIDUda “Qizlar o‘zgarishlar yetakchisi sifatida” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Qizlar o‘zgarishlar yetakchisi sifatida” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda 11-oktabr sanasi Xalqaro qizlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Qizlar o‘zgarishlar yetakchisi sifatida” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh qizlarda ijtimoiy faollik, yetakchilik, tashabbuskorlik, va o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, shuningdek, ularning jamiyatda tutgan o‘rnini yanada yuksaltirishдан iborat bo‘ldi.
Tadbirda JIDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi E’tibor Sultanova, “Iffatli kelin” loyihasi asoschisi Barno Karimova, Mirzo Ulug‘bek tumani xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, podpolkovnik Feruza Jumanazarova, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nasiba Dushanova ishtirok etdilar.
Tadbirni E.Sultanova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida qizlarning jamiyatdagi faol o‘rni, ularning ta’lim, fan va davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatlari haqida so‘z yuritib, qizlarni o‘z orzu va maqsadlariga qat’iyat bilan intilishga chaqirdi.
Tadbir mehmoni, B.Karimova o‘z chiqishida yoshlarning ma’naviy tarbiyasida oilaning o‘rni, qizlarning o‘zini qadrlashi va jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarga turtki bo‘luvchi kuch sifatida faol ishtirok etishlari haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Dushanova ham qizlarga o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, motivatsion fikrlar bildirdi.
Podpolkovnik Feruza Jumanazarova esa yoshlarni huquqiy savodxonlik, ijtimoiy mas’uliyat va o‘z xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.
Uchrashuv samimiy muhitda o‘tib, yoshlar uchun foydali ruhiy-ma’naviy turtki bo‘ldi.
Mazkur tadbir JIDUda olib borilayotgan xotin-qizlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli va yetakchi qizlarni tarbiyalash yo‘lidagi ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.