
JIDU birinchi prorektori tahliliy markazlar forumida ishtirok etdi
JIDU birinchi prorektori tahliliy markazlar forumida ishtirok etdi

2025-yil 6-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov “Markaziy Osiyo - Rossiya: o‘zgarayotgan dunyoda strategik hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan tahliliy markazlar forumida ishtirok etdi.
Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da bo‘lib o‘tdi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Gorchakov jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
A.Umarov o‘z ma’ruzasida geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yaxlit qarashlarni taqdim etdi. U jahon iqtisodiyotining sanksiyalar tufayli parchalanishi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi va tartibga solish standartlari raqobati mintaqadan kelishilgan qarorlar qabul qilishni talab etishini ta’kidladi. Amaliy qadamlar sifatida SHHT, IIEO va BRIKS platformalarida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, logistika va hisob-kitoblarni xilma-xillashtirish, shuningdek, barqarorlikni mustahkamlash uchun xavflarni nazorat qilish bo‘yicha qo‘shma mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Texnologik kun tartibi va kiberxavfsizlikka alohida e’tibor qaratildi: muhim infratuzilmaning tez sur’atlarda raqamlashtirilishi kibertahdidlarga nisbatan zaiflikni oshirmoqda, bu esa hodisalarga javob berish va ma’lumot almashishning umumiy protokolini ishlab chiqishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan “Markaziy Osiyo – Rossiya” mintaqaviy kiberxavfsizlik markazini tashkil etish hamda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish va ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishish taklif etildi.
Xavfsizlik masalasiga to‘xtalar ekan, A.Umarov Afg‘onistonni mintaqaviy barqarorlikning asosiy bo‘g‘ini sifatida ta’riflab, unga nisbatan pragmatik muloqot olib borish va transmilliy tahdidlarga - giyohvand moddalar savdosidan tortib ekstremizmgacha bo‘lgan xavflarga qarshi muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Bunda mavjud ko‘p tomonlama mexanizmlarga tayanish muhimligini alohida qayd etdi. Xulosa qilib, u "muvofiqlashtirish orqali suverenitet" tushunchasini ilgari surdi: kelishilgan siyosat yuritish, tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish hamda o‘zaro hamkorlikning huquqiy va texnologik shakllarini o‘z ichiga olgan barqaror institutsional aloqalarni yaratish orqali bunga erishish mumkinligini ta’kidladi.
A. Umarov bilan bir qatorda, Rossiya TIV MGIMO Xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Aleksandr Alekseevich Knyazev hamda Rossiya TIV MGIMO Xalqaro munosabatlar va Rossiya tashqi siyosati kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Yevgeniy Mixaylovich Kojokin so‘zga chiqib, o‘z baholarini bildirdilar.
Sana: | 07.10.2025 |
Ko'rganlar soni: | 213 |
Ulashish: |