
“Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
“Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida inson qadri va huquqlarining ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Respublika Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor Matluba Qahhorova ishtirok etdi. U o‘z nutqida inson qadri va huquqlarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini keng yoritib berdi. Ta’kidlandiki, inson huquqlarini ta’minlash – milliy barqarorlik va ijtimoiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir.
Tadbir davomida insoniyat tarixida yuz bergan eng katta fojialar va halokatlar ko‘pincha jaholat, ya’ni bilimsizlik, tushunmaslik va nohaqlik sababli ro‘y bergani alohida qayd etildi. Fan va ma’rifatdan yiroq jamiyatlarda zulm, adolatsizlik va inqirozlar yuzaga kelgani tarixiy misollar orqali ochib berildi.
Bugungi kunda jaholatga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – bu ma’rifatga yuz tutishdir. Ma’rifat – bu nur, yo‘l ko‘rsatuvchi chiroq, taraqqiyot kaliti. Ma’rifatli inson yolg‘on, zo‘ravonlik, ekstremizm kabi illatlardan yiroq bo‘ladi. Shu bois yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimi tobora takomillashmoqda, ayniqsa, yoshlarning ongini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasining bugungi kunda dolzarbligi alohida ta’kidlandi. Aytib o‘tildiki, agar biz bilim bilan qurollangan, mustaqil fikrlay oladigan avlodni tarbiyalamasak, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoyilayotgan turli buzuq va yolg‘on g‘oyalar yoshlar ongini egallashi mumkin. Shuning uchun har bir yosh yigit-qiz ilm izlashni, tafakkurli yashashni o‘zining hayotiy mezoniga aylantirishi lozimligi uqtirildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar yoshlar ongini yuksaltirish, ularni huquqiy va ma’naviy jihatdan himoya qilishda muhim vosita hisoblanadi. Jaholatga qarshi kurashda ma’rifat eng qudratli qurol bo‘lib, har bir inson ilmli va tafakkurli bo‘lsa, jamiyatda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot barpo bo‘ladi. Ma’rifat – bu nafaqat bilim, balki nurli kelajak sari boshlovchi yo‘ldir.