Yangi O‘zbekiston tashabbuslari insoniyat kelajagi yo‘lidagi amaliy harakatga aylanmoqda

Yangi O‘zbekiston tashabbuslari insoniyat kelajagi yo‘lidagi amaliy harakatga aylanmoqda

    Yangi O‘zbekiston tashabbuslari insoniyat kelajagi yo‘lidagi amaliy harakatga aylanmoqda

    Yangi O‘zbekiston tashabbuslari insoniyat kelajagi yo‘lidagi amaliy harakatga aylanmoqda

    Nyu-Yorkda joriy yilning 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutq nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon hamjamiyati uchun muhim voqea bo‘ldi. Davlat rahbarining fikrlari global tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lida O‘zbekistonning faol, mas’uliyatli va ochiq siyosat yuritayotganini yaqqol namoyon etdi.

    Prezidentimiz o‘z nutqida jahon miqyosidagi asosiy xavf-xatarlar, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi, O‘zbekistonning keng qamrovli tashabbuslarini ilgari surdi. Uning taklif va tashabbuslari nafaqat mamlakat taraqqiyoti, balki butun dunyo hamjamiyati uchun amaliy chora-tadbirlar dasturini qamrab oldi.

    Nutqning muhim nuqtasi – BMTning global siyosatdagi ta’sirini kuchaytirish zarurati bo‘ldi. Bu borada xalqaro nizolar, urushlar va ijtimoiy tengsizliklar ortib borayotgan sharoitda BMTning asosiy vazifasi davlatlar o‘rtasida murosa va hamjihatlikni ta’minlash ekanini ta’kidladi. Shu bois BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish, uning tarkibini kengaytirish va rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini to‘liq aks ettirishni taklif etdi. 

    Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda mintaqada savdo va investitsiya besh barobarga oshgani, chegaralar ochilib, iqtisodiy hamkorlik kuchaygani qayd etildi. Prezident BMT shafeligida Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy integratsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya qabul qilish, EKOSOS va YUNKTAD bilan mintaqaviy rivojlanish forumi o‘tkazish, YUNIDO bilan “yashil texnologiyalar mintaqaviy xabi”ni tashkil etishni taklif qildi.

    Afg‘onistonning barqarorligi Yevroosiyo xavfsizligi uchun hal qiluvchi omil sifatida baholandi. Bu yo‘nalishda xalqaro transport va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan BMTning alohida rezolyutsiyasi qabul qilinishi taklif etildi. 

    Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus iqlim o‘zgarishi va suv xavfsizligi masalariga bag‘ishlandi. Bu borada Orolbo‘yi fojiasi butun dunyo e’tiborida bo‘lishi kerakligini eslatdi. U 2030 yilga qadar Orol tubining 80 foizini yashil qoplamalar bilan tiklash, “Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi”ni O‘zbekistonda o‘tkazish, suv inqirozini global tahdid sifatida tan olish va innovatsion texnologiyalar yo‘l xaritasini qamrab olgan xalqaro dastur ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, iqlim migratsiyasini tartibga soluvchi Global paktni qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.

    Yoshlar tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi asosiy kuch sifatida e’tirof etilib, bu borada davlat rahbari tomonidan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tuzish, o‘qituvchilar uchun Butunjahon professional ta’lim sammitini tashkil etish va sun’iy intellektni adolatli qo‘llash bo‘yicha xalqaro mexanizm yaratish taklif qilindi. Mazkur tashabbusning asosiy mohiyati – yoshlar, ta’lim va innovatsiyani uyg‘un rivojlantirib, jahonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun umumjahon miqyosida hamkorlik maydonini barpo etishdan iborat.

    Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyani amalga oshirishda to‘plangan tajriba asosida Mintaqaviy reabilitatsiya va qayta integratsiya Kengashini xalqaro markazga aylantirish va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish tashabbusi ilgari surildi. Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi Markaziy Osiyoning tinchlikni ta’minlashdagi yutuqlarini global maydonga olib chiqish, xalqaro hamjihatlik asosida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning yangi, keng qamrovli mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim va global  tashabbuslar zamonaviy xalqaro xavfsizlik va barqaror taraqqiyot uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Fikrimizcha, bu yilgi tarixiy minbardagi chiqish O‘zbekistonning BMTdagi izchil diplomatik faoliyatining mantiqiy davomi bo‘ldi.

    2017 yil BMTning 72-sessiyasida Prezident Mirziyoyev ilk bor BMT minbaridan Markaziy Osiyoni tinchlik, hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Ushbu chaqiriq natijasida keyingi yillarda mintaqada chegaralarni ochish, o‘zaro savdo va transport yo‘laklarini kengaytirishda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar hududiga aylantirish tashabbusi ham aynan shu minbardan ilk bor e’lon qilingan edi.

    Shuningdek, 2020 yilda dunyo pandemiyaning og‘ir oqibatlari bilan kurashayotgan damda BMTning 75-sessiyasida O‘zbekiston rahbari tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surildi. BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qabul qilish, kambag‘allikka barham berish va unga qarshi kurashish va Orolbo‘yini BMTning “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar” mintaqaviy markazi sifatida rivojlantirish masalalarini BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammit o‘tkazish shular jumlasidan.

    2021 yilda esa Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida videomurojaat bilan so‘zga chiqib, pandemiyalarga qarshi kurashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish tarafdori ekanimizni bildirdi, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks matni esa BMT rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi.

    Prezidentimiz tomonidan BMTning 80-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar – bu ilgari qo‘yilgan maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratildi. BMTning 72 va 75-sessiyalarida asos solingan tashabbuslar bugun 80-sessiyada yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston tinchlik, hamjihatlik va barqaror rivojlanishni ustuvor maqsad qilib, xalqaro maydonda izchil va mas’uliyatli siyosat yuritayotganini yana bir bor dunyoga namoyon etdi. Yangi O‘zbekistonning global minbardagi so‘zi – butun insoniyat kelajagi yo‘lidagi amaliy harakatga aylanmoqda. Yangi O‘zbekiston nafaqat o‘z islohotlari bilan, balki global muammolarni hal etishda ham tashabbuskor davlat sifatida xalqaro maydonda o‘z so‘zi va nufuziga ega ekanini dunyoga namoyon qildi.

    Mahinnora Mirhamidova,

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 

    “Xalqaro huquq” fakulteti kafedra dotsenti