
JIDU yangi o‘quv yilida almashinuv talabalari va xorijiy o‘qituvchilarni qabul qildi
JIDU yangi o‘quv yilida almashinuv talabalari va xorijiy o‘qituvchilarni qabul qildi

Joriy yilning 12-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xorijiy talabalar va o‘qituvchilar uchun tanishtiruv kuni va axborot sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
JIDU joriy semestrda Koreya Respublikasi va Yaponiyadan 2- va 3-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarni almashinuv dasturi asosida qabul qildi. Ular Yaponiyaning Xitotsubasi universiteti, Yaponiyaning Tokio chet tillar universiteti va Koreyaning Xanguk chet tillar universitetidan kelishgan. Bundan tashqari, ushbu semestrda Bishkekdagi YEXHT Akademiyasidan almashinuv dasturi doirasida kelgan magistratura talabasi Universitet ta'lim jarayoniga qo‘shildi.
Shu bilan birga, “Princeton in Asia” (PiA) dasturi doirasida JIDUga AQShdan ikki nafar o‘qituvchi tashrif buyurdi. Shuningdek, “GURES” dasturi doirasida Avstriyalik professor ham o‘qituvchilar safiga qo‘shildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar Xalqaro akademik hamkorlik ofisi xodimlari tomonidan universitet faoliyati, ta’lim imkoniyatlari va dasturlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Xorijlik talabalar va o‘qituvchilar “Buddy Program” (“Hamrohlik dastur”) bo‘yicha hamkorlari bilan ham tanishdilar. JIDUning tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli talabalari xorijiy mehmonlarga hamroh bo‘lishdi. Semestr davomida ular chet ellik talabalar va o‘qituvchilarga universitet hayotiga moslashishga, O‘zbekiston madaniyati va an’analari bilan tanishishga, shuningdek, o‘zlarini universitet jamoasining bir qismi sifatida his qilishga yordam berishadi.
Biz yangi talabalar va o‘qituvchilarni universitetimizda kutib olishdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, ularni oldinda yorqin taassurotlar, qiziqarli kashfiyotlar, katta akademik va madaniy tajribalar kutmoqda.
Sana: | 17.09.2025 |
Ko'rganlar soni: | 152 |
Ulashish: |