
JIDU rektori “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ishtirok etdi
JIDU rektori “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ishtirok etdi

Joriy yilning 10-sentabr kuni poytaxtimizda “Deklaratsiyalar muloqoti” II Xalqaro forumi boshlandi. Mazkur forum 13-sentyabrgacha davom etadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida o’tkazilmoqda.
Mazkur tadbir 2022-yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan, keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e’tirof etilgan Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi bilan yakunlangan forumning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Forumda 15 ta mamlakatdan, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlaridan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olim, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda. Ushbu forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) rektori Sodiq Safoyev ham ishtirok etdi.
Forum yakunida jahon hamjamiyatiga qarata yakuniy Murojaatnoma qabul qilinadi. Unda diniy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, diniy e’tiqod asosida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish vositasi sifatida diniy ma’rifatni rivojlantirish, e’tiqod erkinligini insonning umumbashariy huquqi sifatida tasdiqlash hamda diniy va madaniy qarashlaridan qat’i nazar, barcha insonlarning teng huquqliligini rag‘batlantirishga chaqiriladi.