
JIDUda muzokara madaniyati mavzusida biznes muloqot bo‘lib o‘tdi
JIDUda muzokara madaniyati mavzusida biznes muloqot bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 10-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida M.Factor.Uz Business maktabi asoschisi taniqli tadbirkor va biznes murabbiy H.Mamasaidovning talabalar bilan “Muzokara madaniyati va undan oldingi holat” mavzusidagi biznes muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitetning iqtidorli talabalari, “Yozgi maktab” ishtirokchilari, yosh tadbirkorlar, startap asoschilari hamda iqtisodiy va menejment yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida H. Mamasaidov talabalar bilan biznesda muzokara olib borish madaniyati, psixologik tayyorgarlik, ishonchli aloqa o‘rnatish, qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va ijobiy natijaga erishish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, muzokaralardan oldin tayyorgarlik ko‘rish, axborot yig‘ish va strategik yondashuv kabi muhim jihatlar yoritildi.
H. Mamasaidov o‘zining ko‘p yillik amaliy tajribasiga tayangan holda, biznesda muvaffaqiyatli muzokara olib borishning asosiy tamoyillari, strategiyalari va psixologik jihatlari haqida so‘z yuritdi. U quyidagi masalalarni yoritdi:
• Muzokara jarayoniga tayyorgarlik: ma’lumot to‘plash, raqibni o‘rganish, maqsadni aniqlashtirish;
• Ishonchli aloqa o‘rnatish va tana tili orqali ta’sirchanlikni oshirish;
• Qiyin muzokaralarda sabr va tahliliy yondashuv;
• Emotsional intellekt va empatiyaning roli;
• Qarama-qarshiliklarni hal qilish usullari;
• G‘olib-g‘olib (win-win) yechimlarga erishish yo‘llari.
Tadbir jonli muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va kelgusida bunday amaliy muloqotlar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.