
JIDU va KOIIA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
JIDU va KOIIA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2025-yil 13-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida Koreya Sanoatni raqamlashtirish assotsiatsiyasi (KOIIA) bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar va mutaxassislarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Imzolangan memorandum doirasida tomonlar birgalikda raqamli ta’lim infratuzilmasi va boshqaruv tizimini yaratish, raqamli iqtisodiyot hamda barqaror rivojlanish kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari va kontent ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar salohiyatini oshirish dasturlarini tashkil etish hamda yoshlar va sanoat mutaxassislarining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha ta’lim, bandlik va startaplarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
KOIIA vitse-prezidenti Kim Tae-hwan ushbu hamkorlik O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasida muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab, Koreyaning ta’lim sohasidagi ilg‘or texnologiyalari va tajribasi O‘zbekiston yoshlari salohiyatini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Mazkur kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashi, shuningdek, raqamli va barqaror taraqqiyot sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Sana: | 15.08.2025 |
Ko'rganlar soni: | 103 |
Ulashish: |