
JIDU rahbariyati “Uygʻonish” mahallasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy uchrashuv o‘tkazdi
JIDU rahbariyati “Uygʻonish” mahallasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 13-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupjonov boshchiligida universitet jamoasidan iborat ishchi guruh Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Uygʻonish” mahallasiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — mahalla hududida istiqomat qiluvchi yoshlar, xususan tarbiyasi ogʻir, ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin sharoitda yashayotgan hamda oilaviy ajrim yoqasida turgan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni bandlik bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mutasaddi mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va salbiy illatlarning oldini olish, ularning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, bepul o‘quv kurslari tashkil etish, sport va madaniy tadbirlarga jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarini jalb qilgan holda, mahallada muntazam ma’rifiy uchrashuvlar, psixologik maslahatlar va huquqiy savodxonlik bo‘yicha seminarlar o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Natijada, “Uyg‘onish” mahallasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish jarayonini monitoring qilish hamda har oyda natijalar yuzasidan tegishli hisobot taqdim etib borish belgilandi.