
JIDUda talabalarni yashash joylari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda
JIDUda talabalarni yashash joylari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda

Yangi 2025/2026 o‘quv yili arafasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati tomonidan talabalar uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va ularni samarali joylashtirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Shu munosabat bilan, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov, rektor maslahatchisi A. Turdimatov boshchiligida universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazi (infokiosk) tomonidan tavsiya etilgan ijara xonadonlari va hostellarga tashriflar amalga oshirildi.
Ushbu xonadon va hostellarda hozircha talabalar joylashtirilmagan bo‘lishiga qaramay, u yerda talabalarning istiqomat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar mutasaddilar tomonidan joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganildi. Ushbu tashriflar davomida xonadon va hostellarning texnik holati, gigiyenik talablarga javob berish darajasi, xavfsizlik infratuzilmasi, xona sig‘imi, narxlar muvofiqligi, jamoat transportiga yaqinligi, internet tarmog‘i bilan ta’minlanganligi kabi qator muhim omillar chuqur tahlil qilindi.
Bundan tashqari, yashash joylarining ijtimoiy-psixologik muhiti, qo‘shimcha xizmatlar mavjudligi va talabalar salomatligi hamda qulayligi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Mazkur monitoring jarayoni talabalarni sifatli, xavfsiz va qulay yashash joylari bilan ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini ijara munosabatlarida himoya qilish hamda o‘quv jarayoniga xotirjam tarzda tayyorlanishlariga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ushbu tashabbuslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyatining talabalar bilan ishlash borasidagi mas’uliyati yuqori ekanidan dalolat beradi. Shuningdek, bu kabi tashriflar yordamida universitet va talaba o‘rtasidagi samarali muloqot mustahkamlanadi, ularning ehtiyojlariga mos bo‘lgan amaliy yechimlar ishlab chiqiladi.
Sana: | 09.08.2025 |
Ko'rganlar soni: | 540 |
Ulashish: |