
JIDU rektori AQSH Kongressiga tashrif buyurdi
JIDU rektori AQSH Kongressiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 23-iyul kuni AQSH Kongressi binosida O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman AQSH Kongressidagi O‘zbekiston bo‘yicha Kokus aʼzolari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston kuni forumida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalaridagi yondashuvlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi saʼy-harakatlari, investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va ochiq bozor iqtisodiyoti tamoyillariga sodiqligi alohida taʼkidlandi.
Anjumanda AQSH Kongressi aʼzolari – kongressmen Trent Kelli, senator Stiv Deyns, kongressvumen Kerol Miller hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi, yetakchi xalqaro kompaniyalar va fondlar rahbarlari maʼruza bilan ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizni mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar lokomotivi sifatida eʼtirof etdilar.
Forum doirasida bo‘lib o‘tgan muloqotlar, intervyular va ommaviy axborot vositalaridagi keng yoritilishi O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tadbir yuqori darajada o‘tganini ko‘rsatdi. Tadbir O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikka yangi turtki berib, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.