
JIDU talabalari Malayziyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro madaniyat festivalida O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etdi
JIDU talabalari Malayziyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro madaniyat festivalida O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etdi

2026-yilning 27-iyulidan 2-avgustiga qadar Malayziyaning Sabax shtatidagi Tavau shahrida XI Tavau xalqaro madaniyat festivali (Tawau International Cultural Festival 2026) bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Colour of Culture” (“Madaniyat jilosi”) shiori ostida o‘tkazilib, dunyoning turli mamlakatlari vakillarini bir yerga jamladi.
Festivalda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari O‘zbekiston Respublikasi nomidan qatnashgan milliy delegatsiya tarkibida ishtirok etdi. Ular xalqaro jamoatchilikni mamlakatimizning boy madaniy merosi, milliy urf-odatlari, musiqa va raqs san’ati bilan tanishtirdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasining chiqishi madaniy dasturning yorqin sahifasi bo‘lib, festival tashkilotchilari, mehmonlari va ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ochiqlik, mehmondo‘stlik va boshqa mamlakatlar vakillari bilan faol muloqotlari tufayli O‘zbekiston delegatsiyasi “Eng do‘stona mamlakat” faxriy nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.
Mazkur xalqaro festivalning asosiy maqsadlari davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, milliy madaniyatlarni ommalashtirish hamda turli xalqlar vakillari o‘rtasida tinchlik va totuvlikka ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
JIDU talabalarining tadbirdagi ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi madaniy obro‘sini yuksaltirishga, madaniyatlararo muloqotni kengaytirishga va boshqa davlatlar yoshlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Qo‘lga kiritilgan natija nafaqat ishtirokchilarning iste’dodi va puxta tayyorgarligi, balki o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mehmondo‘stlik, samimiylik va turli madaniyat vakillariga hurmat kabi an’anaviy qadriyatlarning e’tirofi bo‘ldi.
| Sana: | 04.08.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 52 |
| Ulashish: |



