“Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” – JIDUda biznes muloqoti

“Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” – JIDUda biznes muloqoti

    “Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” – JIDUda biznes muloqoti

    “Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” – JIDUda biznes muloqoti

    Joriy yilning 09-iyul kuni yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, talabalarni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida shaxsiy rivojlanish bo‘yicha ekspert, biznes murabbiy va motivatsion spiker, Yuksalish.Uz Business maktabining asoschisi M.Eshonqulov bilan “Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” mavzusida biznes muloqot bo‘lib o‘tdi.

    JIDU Yoshlar ishlari ofisi tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi biznes muloqot mashg‘uloti talabalar va tadbirkorlikka qiziquvchilar uchun chinakam ilhom manbaiga aylandi. M.Eshonqulov o‘z ma’ruzasida hayotiy tajribalari, muvaffaqiyatsizliklardan saboq olish va maqsadlarga erishish yo‘llari haqida chuqur tahlilga boy fikrlar bildirdi.

    Tadbir davomida strategik fikrlash nimaligi haqida so‘z yuritilib, hayotda samarasiz harakatlarning oldini olish uchun uzoq muddatli qarash va puxta rejalash lozimligi tushuntirildi. Maqsad qo‘yishning SMART texnologiyasi – aniq, o‘lchovli, erishib bo‘ladigan, real va vaqt bilan cheklangan maqsadlar tuzish usullari haqida interaktiv misollar keltirildi. Bundan tashqari, M.Eshonqulov faqat nazariy ma’lumotlar bilan cheklanmay, o‘zining biznes yo‘lidagi bosqichlari va ulardan qanday yangi imkoniyatlar yaratganini ochiqchasiga so‘zlab berdi, yoshlarni “harakatga yo‘naltirilgan strategik tafakkur” sari undadi.

    Tadbir so‘nggida savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan hayotiy muammolar, kasb tanlash, vaqtni boshqarish, qaror qabul qilishdagi ikkilanishlar haqida savollar berib, M.Eshonqulovdan amaliy tavsiyalar olishdi.

    Talabalarning fikricha, bu kabi uchrashuvlar nafaqat bilim, balki kuchli motivatsiya beradi. Ko‘pchilik bu tadbirni o‘z hayotida burilish nuqtasiga aylanganini ta’kidladi.

    Ta’kidlash joizki, Yuksalish.Uz Business maktabining asosiy maqsadi – yosh avlodda zamonaviy biznes tafakkurini shakllantirish, shaxsiy rejalashtirish madaniyatini rivojlantirish va o‘ziga ishongan, strategik fikrlay oladigan liderlarni tarbiyalashdir.