
JIDUda bolalarni zo‘ravonlikdan huquiy himoya qilish to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
JIDUda bolalarni zo‘ravonlikdan huquiy himoya qilish to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2025-yil 20-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Yuridik klinika tomonidan amalga oshirilayotgan “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida "Xalqaro standartlar asosida bolalarni zo‘ravonlikdan huquqiy himoya qilish" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularni huquqiy himoya qilishda xalqaro tajriba va amaliyotlarni o‘rganish, shuningdek, bu boradagi milliy qonunchilik asoslarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tuman oilaviy ishlar bo‘yicha sudyasi Zulfiyaxon Nuralieva faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. U o‘z chiqishida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi sud amaliyotidan voqelikdagi misollarni keltirib o‘tdi, oilaviy nizolar asnosida bolalarning manfaatlari qanday himoya qilinayotgani, sud qarorlarida bolaning huquqlari qanday inobatga olinishi haqida batafsil to‘xtaldi.
Zulfiyaxon Nuralieva shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zining yillar davomida to‘plagan amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U xalqaro normalar, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda milliy qonunchilik o‘rtasidagi uyg‘unlikka e’tibor qaratdi.
Davra suhbatida universitet talabalari, yuridik klinika a’zolari ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z savollariga javob oldilar hamda fikr almashdilar.
Ushbu tadbir “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan huquqiy ongni oshirish va fuqarolik jamiyatini kuchaytirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Sana: | 21.06.2025 |
Ko'rganlar soni: | 162 |
Ulashish: |