JIDU xodimlari tomonidan talabalar bilan birga Farg‘ona vodiysiga sayohat tashkil etildi

JIDU xodimlari tomonidan talabalar bilan birga Farg‘ona vodiysiga sayohat tashkil etildi

    JIDU xodimlari tomonidan talabalar bilan birga Farg‘ona vodiysiga sayohat tashkil etildi

    JIDU xodimlari tomonidan talabalar bilan birga Farg‘ona vodiysiga sayohat tashkil etildi

     Joriy yilning 3-5-iyun kunlarida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Yoshlar ishlari ofisi xodimlari hamrohligida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida keng ko‘lamli ichki turizm loyihasiga rasmiy start berildi.

    Ushbu loyiha O‘zbekiston bo‘ylab yoshlar o‘rtasida tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib qilish, talabalarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Shu bilan birga, u ichki turizm salohiyatini ochib berish, yosh avlodni viloyatlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlik, madaniy xilma-xillik va urf-odatlar asosida tarbiyalashga xizmat qiladi.

    Loyihaning dastlabki bosqichi mamlakatimizning eng qadimiy va betakror madaniy merosga ega hududlaridan biri — Farg‘ona vodiysida amalga oshirildi. Xususan, talabalar Farg‘ona, Marg‘ilon va Rishton shaharlariga tashrif buyurib, viloyatning tarixiy yodgorliklari, amaliy san’at markazlari, zamonaviy turizm infratuzilmasi hamda hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishdilar.

    Qo‘qon shahri — Farg‘ona vodiysining yuragi, qadimiy tarixga ega madaniyat va siyosat markazi sifatida talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar Qo‘qon xonligi davridagi me’morchilik yodgorliklari, xususan, Xudoyorxon saroyi, Norbutabiy madrasasi, Jome’ masjidi kabi tarixiy obidalarni ziyorat qilib, Qo‘qon shahrining o‘ziga xos madaniy muhiti bilan tanishdilar. Shuningdek, Qo‘qon hunarmandlar markazida milliy kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik san’ati bo‘yicha mahorat darslari ham tashkil etildi.

    Marg‘ilon — qadimiy ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri sifatida talabalarni o‘zining atlas va adras to‘qish an’analari, hunarmandlar mahallalari va xalq amaliy san’ati muzeylari bilan hayratga soldi. Yoshlar mashhur “Yodgorlik” ustaxonasida atlas to‘qish jarayonini bevosita kuzatish va o‘zlari ham ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldilar.

    Rishton — kulolchilik san’atining beqiyos namunalari bilan dong taratgan bu shaharda talabalar Rishton kulollarining qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan noyob sirli idishlar, milliy bezak san’ati va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandchilik maktabi bilan tanishishdi.

    Farg‘ona shahri esa o‘zining zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari bilan milliy va zamonaviylik uyg‘unligini namoyon etdi. Talabalar shaharning diqqatga sazovor joylari, madaniyat markazlari hamda tarixiy obidalari bilan tanishdilar.

    Shunigdek, safar doirasida alohida e’tibor qaratilgan jihatlardan biri — “Bir oila – bir maqsad” loyihasi asosida tashkil etilgan ota-onalar bilan uchrashuvlar bo‘ldi. Bu uchrashuvlar talabalarning ta’lim jarayonidagi muvaffaqiyatlari, shaxsiy rivoji va kelajakdagi rejalari bo‘yicha ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Ota-onalar farzandlari bilan bir safarda bo‘lib, ularning bilim olishi, madaniy merosni o‘rganishi va hayotga jiddiy yondashuvini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.

    Uchrashuvda ustoz va hodimlar ota-onalar va talabalar o‘zaro fikr almashib, oila va ta’lim maskani o‘rtasidagi mustahkam aloqaning yoshlar tarbiyasidagi hal qiluvchi o‘rni haqida fikr almashdilar. Shu bilan birga, ota-onalar farzandlari bilim olayotgan universitet faoliyati, tarbiyaviy yondashuvlari va tashkiliy loyihalari haqida bevosita ma’lumot oldilar.

    Mazkur safar davomida nafaqat tarixiy-madaniy maskanlarga tashriflar, balki madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar,  va hunarmandlar bilan muloqot darslari ham tashkil etildi. Bu esa talabalarning bilimini boyitish, tafakkurini kengaytirish va zamonaviy dunyoqarashga ega mutaxassislar sifatida shakllanishlariga xizmat qiladi.

    Loyiha respublikaning boshqa hududlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har bir tashrif yosh avlod uchun o‘ziga xos maktab, bebaho saboq va unutilmas xotiraga aylanadi.