
JIDU professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini kuchaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi
JIDU professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini kuchaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi

Joriy yilning 15-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchilari hamda “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari R.A. Arslonbekova, D.I. Allaberganova, Z.N. Akmalova, M.X. Batirova, N.B. Tashpulatova, F.Sh. Zaripova, X.A. Amadjonov hamda “Olmachi” MFY vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida ta’lim jarayonida oila, mahalla va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ushbu hamkorlik yosh avlodning ma’naviy, ijtimoiy va intellektual rivojlanishida, shuningdek, sog‘lom va faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Muloqot davomida “Olmachi” MFY bilan hamkorlikda joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Xususan, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini ingliz tili bo‘yicha o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, mahalla hududidagi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlash hamda yoshlar bilan tizimli muloqot olib borish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahallada ishsiz ayollarni qo‘llab-quvvatlash, voyaga yetmagan yoshlar orasida ta’limga qiziqishni oshirish, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini xorijiy tillarni o‘rganishga jalb etish borasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida 20–30 yosh oralig‘idagi ishsiz ayollar uchun ingliz tili mashg‘ulotlarini tashkil etish, kam ta’minlangan oilalardagi voyaga yetmagan yoshlarni ingliz tilini o‘rganishga jalb qilish, ularni zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlash, ta’lim tizimidagi islohotlar haqida ota-onalarga muntazam ma’lumot berib borish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, mahalla faollari, oqsoqollar, professor-o‘qituvchilar, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda uchastka profilaktika nozirlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” tizimidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, taklif etilgan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda doimiy monitoring yuritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
| Sana: | 16.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 127 |
| Ulashish: |




