
JIDU rektori O‘zbekiston-AQSH biznes forumida ishtirok etdi
JIDU rektori O‘zbekiston-AQSH biznes forumida ishtirok etdi

Joriy yilning 9-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik tarixida muhim voqea - O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forum O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi (AUCC) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda ikki davlat tadbirkorlari va hukumat doiralarining 150 dan ziyod vakillari, jumladan, sanoat, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, moliya va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda faoliyat yuritadigan 100 ga yaqin yetakchi Amerika kompaniyalari ishtirok etdi. Qatnashchilar orasida Boeing, Visa, Coca-Cola, Medtronic, John Deere, CNH, Morgan Stanley, NASDAQ, Abbott kompaniyalari, investitsiya fondlari va universitetlar rahbarlari, shuningdek, AQShning huquqshunoslik, muhandislik va texnologiya firmalari vakillari ham bor edi.
O‘zbekiston tomonidan forumda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, shuningdek, tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Sodiq Safoyev forumda so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyatning yangilanishiga xizmat qilayotganini, mamlakatimiz har tomonlama siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishga qaratilgan o‘zgarishlar yo‘lidan dadil borayotganini taʼkidladi.
Forum dasturida O‘zbekistonning investitsiya salohiyati taqdimoti, G2B formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin oldi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va institutsional hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi.
Forum ikki tomonning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishdan yuqori manfaatdorligini tasdiqladi:
- “yashil” energetika;
- oziq-ovqat sanoati va agrar sektor;
- sog‘liqni saqlash va farmatsevtika;
- IT va raqamli infratuzilma;
- moliyaviy texnologiyalar;
- sanoat ishlab chiqarishi va mashinasozlik.
O‘zbekiston - AQSH biznes-forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekistonning AQSHning Markaziy Osiyodagi ishonchli iqtisodiy va sarmoyaviy hamkori sifatidagi maqomini tasdiqladi.
Sana: | 09.06.2025 |
Ko'rganlar soni: | 322 |
Ulashish: |