
Missuri universiteti vakillari JIDUga tashrif buyurishdi
Missuri universiteti vakillari JIDUga tashrif buyurishdi

2025-yil 9-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga (JIDU) AQShning Missuri universitetidan professor-o‘qituvchilar, xalqaro dasturlar bo‘yicha prorektori Mary Stegmaier, hamda talabalardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida Missuri universiteti vakillari JIDU faoliyati, ta’lim jarayonlari, ilmiy yo‘nalishlari va talabalar hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuvda JIDU tomonidan akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A. Umarov, Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Sh. Arapov, “International Affairs” jurnalining bosh muharriri, professor U. Xasanov, shuningdek, JIDU talabalari ishtirok etdilar.
Tashrif universitet kampusi bo‘ylab tanishtiruv bilan boshlandi. Xorijiy talabalar JIDUning ilmiy va akademik muhiti, ta’lim infratuzilmasi hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular universitetda tahsil olayotgan talabalarning kundalik faoliyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv boshida universitet faoliyati, fakultet va kafedralar, asosiy ta’lim yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir doirasida JIDU professori U. Xasanov “Markaziy Osiyodagi geosiyosiy dinamikalar va taraqqiyot tendensiyalari: xavfsizlik, hamkorlik va islohotlar” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Professor o‘z chiqishida mintaqaning geosiyosiy ahamiyati, demografik o‘zgarishlar, 2021-yildan keyingi xavfsizlik muammolari, Orol dengizi va suv xavfsizligi, ShHT doirasidagi hamkorlik, shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik aloqalar va yangi investitsion tendensiyalar haqida so‘z yuritdi. Ma’ruza so‘ngida xorijiy talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Tadbir iliq va samimiy muhitda o‘tdi hamda tomonlar kelgusidagi hamkorlikni mustahkamlashga katta qiziqish bildirishdi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qildi.