
JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
JIDU va BMT Turizm tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 19-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Turizm agentligi (UN Tourism) ning hamkorlik va targ‘ibot, institutsional aloqalar bo‘limi xodimi Claudia Lisboa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda JIDU tomonidan Raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektor Muzaffar Jalolov ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar JIDU va BMT Turizm agentligi o‘rtasida mavjud kelishuv doirasida talabalarning ushbu xalqaro tashkilotda amaliyot o‘tashi bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni muhokama qildilar. Xususan, tanlov jarayonini tashkil etish, amaliyot muddatlari va davriyligi, hamda talabalar uchun zarur tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Har ikki tomon hamkorlikni davom ettirish, sheriklik aloqalarini chuqurlashtirish va talabalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga bo‘lgan niyatini bildirdi.
Tashrif doirasida Claudia Lisboa universitet talabalari uchun “Turizm orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish – Loyiha ko‘rsatkichlari to‘plami (Toolkit of Indicators for Projects – TIPs)” mavzusida ochiq ma’ruza o‘tkazdi.
Ma’ruzachi Barqaror rivojlanish maqsadlari va turizm sohasi bilan bog‘liq vazifalarni, shuningdek, BMTning insonlar, sayyora, farovonlik va tinchlik yo‘lida amalga oshirayotgan normativ salohiyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u TIPs vositalar to‘plamini, turizm bilan bog‘liq BRM va ularga mos ko‘rsatkichlarni taqdim etdi. Ma’ruza yakunida talabalar kichik guruhlarga bo‘lindi va ularga amaliy topshiriqlar berildi.
2025-yil 22-may kuni talabalar belgilangan vazifa asosida tayyorlangan taqdimotlarini Claudia Lisboa ishtirokida namoyish etdilar. Shu orqali ular nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ldilar, balki o‘z bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Taqdimotlardan so‘ng Claudia Lisboa har bir guruh ishiga individual fikr va tavsiyalar bildirib, talabalar ishtirokini yuqori baholadi. Bu esa uchrashuvni nafaqat bilim almashish, balki o‘zaro faol o‘rganish jarayoniga aylantirdi.