
JIDU birinchi prorektori Koreyada bo‘lib o‘tgan nufuzli Osiyo yetakchilari konferensiyasida ishtirok etdi
JIDU birinchi prorektori Koreyada bo‘lib o‘tgan nufuzli Osiyo yetakchilari konferensiyasida ishtirok etdi

Joriy yilning 19-22 may kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Akademik ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov Osiyo yetakchilari konferensiyasida (Asian Leadership Conference) ishtirok etish uchun Koreya Respublikasiga (Seul shahri) tashrif buyurdi.
Anjuman davomida A. Umarov “Central Asia at the Crossroads: Geopolitics, Connectivity, and Regional Dynamics” (“Markaziy Osiyo chorrahada: geosiyosat, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy dinamika”) mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruza qildi.
Konferensiya AQSH, Xitoy, Yevropa, Avstraliya, Malayziya, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator mamlakatlardan 240 dan ortiq ma’ruzachi, ekspert va siyosatchilarni birlashtirdi. Tadbirda Rishi Sunak, Toni Ebbott, Maykl Pompeo va Jeyms Robinson kabi taniqli siyosatchilar va olimlar ishtirok etdi. Ochilish marosimida Koreya Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mok ishtirok etdi.
Anjumanning 20-yillik tarixida ilk bor Markaziy Osiyo bo‘yicha panel tashkil etilib, unda A. Umarov O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari, mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik va rivojlanish tendensiyalari haqida nutq so‘zladi.
Koreya Respublikasiga xizmat safari davomida ushbu mamlakatdagi hamkor tashkilotlar bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida Koreya universitetining akademik masalalar bo‘yicha prorektori Myong Jin Li va xalqaro hamkorlik ofisi rahbari Uilyam Styuart bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda akademik mobillik dasturlari, shuningdek, Koreya universiteti ekspertlarini JIDU ta’lim jarayoniga jalb etish imkoniyatlari qayd etildi.
JIDU birinchi prorektori Sejong instituti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda Sejong instituti va JIDUning Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hankuk xorijiy tillar universiteti prorektori Kim Min Jong va xalqaro hamkorlik bo‘yicha dekan Yang Jevan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Koreya tomoniga JIDU talabalar almashinuvi dasturini kengaytirishdan manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.
“Korea Foundation” jamg‘armasiga tashrif doirasida fondning ijrochi vitse-prezidenti Li Chonguk bilan muzokaralar tashkil etildi, u yerda IXTI va Koreyaning yetakchi tadqiqot universitetlari ishtirokida qo‘shma tadqiqot loyihasini ishlab chiqish imkoniyati taklif qilindi.
Sana: | 31.05.2025 |
Ko'rganlar soni: | 308 |
Ulashish: |