
JIDU vakillari o‘qituvchi imidjiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi
JIDU vakillari o‘qituvchi imidjiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi

Joriy yilning 30-may sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbek va rus tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan “XXI asrda o‘qituvchi imidji: tarixiy meros, xalqaro tajriba, muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning Plenar yig'ilishida hamda shubalar muhokamasida o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdilar.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “Xalq ehtiyojiga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish” g‘oyasi ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, ta’lim ikki tomonlama jarayon degan qoidadan kelib chiqsak, tabiiyki, bu jarayonda o‘qituvchining maqomi va imidji alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Ana shu g‘oya O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarida o‘z ifodasini topgan.
Yuqoridagi qoidalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Bugungi zamon, ya’ni XXI asr o‘qituvchisi qanday bo‘lishi kerak?”, “Buyuk mutafakkirlar ma’naviy merosida o‘qituvchi siymosi qanday bo‘lishi kerak?”, “Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bu masala qanday hal etilmoqda?”, “O‘qituvchilar oldiga qanday vazifalar qo‘yilishi va ularga zamonaviy davr talablaridan kelib chiqib, qanday shart-sharoitlar yaratish kerak?” degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Ana shu savollarga xorijlik hamkorlar bilan birgalikda o‘tkazilgan konferensiyada tegishli javoblar shakllantirildi, shuningdek, tarixiy meros va xalqaro tajribani oʻrganish asosida amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Pedagogika taʼlim kafedrasi tomonidan “XXI asrda oʻqituvchi imidji: tarixiy meros, xalqaro tajriba, tarixiy meros” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Rossiya Sankt Peterburg universiteti, Qozog'istonning bir necha universitetlari, Qirg'iziston hamda Tojikiston Davlat pedagogika universiteti vakillari offline va online ishtirok etib, o‘zaro fikr almashdilar. Konferensiya ishtirokchilari - ta'lim fidoyilari, olim pedagoglar birgalikda Ta'limni isloh qilishdagi muhim strategik yo‘nalishlar xususida kelishib oldilar va kelgusi faoliyat uchun rejalar uchun takliflar bildirdilar. Konferensiya yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar va tushlik dasturxoni taqdim qilindi.
Mazkur konferensiya Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy-amaliy tadbirlar rejasiga kiritilgan. Elektron ilmiy to‘plam Google Scholar (Google Academy) ilmiy platformasida maqolalarni chop etishning zamonaviy standartlariga muvofiq indekslanadi. Anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan konferensiya mavzusi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarda salmoqli amaliy natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilar, olimlar taklif etildi.