
JIDUda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) modelining simulyatsiyasi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) modelining simulyatsiyasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Turkiy Davlatlar Tashkiloti formatida akademik simulyatsiya — TDT Modelining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Turkiy hamjihatlik: Barqaror kelajak sari yangi qadamlar” mavzusiga bag‘ishlangan edi.
Uning maqsadi yoshlar orasida turkiy davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik va birdamlik g‘oyalarini ommalashtirish, shuningdek, ularni siyosiy muloqot hamda xalqaro diplomatiya tamoyillari bilan tanishtirish hisoblanadi.
Tadbirni Istanbuldagi TDT bosh qarorgohidan Zoom orqali O‘zbekiston vakili Murodjon Mustofoyev ochib berdi.
JIDUdagi tadbir qatnashchilari diplomatlar vazifasini bajarib, turli mamlakatlar vakillarining rolini ijro etdilar hamda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) oldidagi masalalarni muhokama qilish bilan birga, mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha munozara olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.
Simulyatsiya jarayonida talabalar turkiy davlatlar rahbarlari sifatida siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va energetika kabi muhim yo‘nalishlarda muzokaralar olib bordilar. Rolli o‘yin ishtirokchilari "o‘z" mamlakatlarining nuqtai nazarini, asosli yondashuvlarini va strategik ko‘rinishlarini namoyish etib, o‘zlarining qobiliyatlarini maksimal darajada namoyon qilishga intildilar.
Sammit davomida TDT mamlakatlari “delegatsiyalari” mintaqaviy muammolarga e’tibor qaratib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va xalqaro miqyosda kelishuvlarga erishish masalalarini muhokama qildi.
Haqiqiy diplomatik formatdagi muzokaralar yakunida “Toshkent deklaratsiyasi – 2025” qabul qilindi. Hujjat talabalar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, unda haqiqiy siyosiy muloqot unsurlari o‘z aksini topgan.
Tashkilotchilarning fikricha, TDT modeli yoshlarda liderlik salohiyatini, diplomatik muloqot madaniyatini va xalqaro masalalarga tizimli yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu noyob tajribada ishtirok etish har bir yosh diplomat uchun muhim qadam bo‘lib, ularni katta siyosat sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga undaydi.
Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi jahon tartibi va xalqaro tashkilotlar tizimida muhim o‘rin egallaydi.
Sana: | 28.04.2025 |
Ko'rganlar soni: | 239 |
Ulashish: |