
JIDUda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida yashil va innovatsion rivojlanish sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro subforum bo‘lib o‘tdi
JIDUda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida yashil va innovatsion rivojlanish sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro subforum bo‘lib o‘tdi

2026-yil 21-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Xitoy — Markaziy Osiyo: ‘Bir makon, bir yo‘l’ tashabbusini birgalikda yuqori sifatli amalga oshirish, yashil va innovatsion rivojlanishni ilgari surish” mavzusida xalqaro subforum bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamkorligida 2026-yilda Si Szinpinning yangi davrda Xitoyga xos sotsializm haqidagi g‘oyalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-tadqiqot forumi doirasida tashkil etildi.
Subforum O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning diplomatik korpus vakillari, yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari, akademik doiralari hamda ekspert-tahlil markazlari mutaxassislarini birlashtirdi. Unda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning ochilish marosimida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi akademigi Sun Chjuanchji, JIDU birinchi prorektori Akram Umarov hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Van Szivey tabrik nutqlari bilan ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ilmiy-ekspertlik muloqotini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy global va mintaqaviy o‘zgarishlar sharoitida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlab topish muhimligi ta’kidlandi.
Subforum doirasida uchta mavzuli sessiya tashkil etildi.
Birinchi sessiya — “Yashil Ipak yo‘li va barqaror rivojlanishga erishish” ekologik modernizatsiya, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar Xitoyning ekologik transformatsiya borasidagi tajribasi, yashil qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari hamda Markaziy Osiyoda ekologik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Ikkinchi sessiya — “Raqamli integratsiyani rivojlantirish va innovatsion ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish” Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiyotni raqamlashtirish, texnologik hamkorlik va innovatsion sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga qaratildi. Zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, raqamli o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda yashil energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi.
Uchinchi sessiya — “Strategik uyg‘unlashuv va modernizatsiya sari mushtarak yo‘l” doirasida ekspertlar milliy rivojlanish strategiyalarini o‘zaro muvofiqlashtirish, zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlash, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va xalqaro integratsiya jarayonlarida Markaziy Osiyoning rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan ilmiy yondashuvlar va ekspertlik baholari bilan o‘rtoqlashdilar. Bunda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlari hamda mintaqadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutdi.
Xalqaro subforum akademik muloqotni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining mintaqaviy rivojlanish, iqtisodiy integratsiya va barqaror hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlik muhokamalarini tashkil etuvchi nufuzli ilmiy-akademik platforma sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.



