JIDU talabasi Fudan universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

JIDU talabasi Fudan universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

    JIDU talabasi Fudan universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

    JIDU talabasi Fudan universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

    2026-yilning 16-17-noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining (JIDU) 4-bosqich talabasi Ubaydullo Xo‘jabekov Xitoyning Shanxay shahridagi Fudan universitetida tashkil etilgan xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdi.

    Konferensiya Fudan universitetining Global davlat siyosati instituti, Fondazione Treccani Cultura, Villa Vigoni hamda London iqtisodiyot maktabi (LSE) va Fudan universitetining Global davlat siyosati instituti hamkorligida tashkil etildi. Tadbir xalqaro siyosat, davlat boshqaruvi va zamonaviy global jarayonlar yuzasidan ilmiy fikr almashish uchun xalqaro akademik hamjamiyat vakillarini birlashtirdi.

    Konferensiya doirasida JIDU talabasi ilmiy rahbari Adrien Houguet bilan hammualliflikda tayyorlangan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mamlakat yumshoq kuch salohiyatini rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan tadqiqotini taqdim etdi.

    Tadqiqotda Islom sivilizatsiyasi markazining O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash, madaniy va intellektual diplomatiyani rivojlantirish hamda mamlakatning xalqaro maydondagi ta’sir imkoniyatlarini kengaytirishdagi salohiyati tahlil qilindi.

    Shuningdek, tadqiqot doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro munosabatlardagi mustaqil subyekt sifatidagi o‘rni, ularning strategik manfaatlarini ilgari surish imkoniyatlari va yirik davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

    Taqdimot xalqaro akademik hamjamiyat, jumladan, yevropalik olimlar va Italiya ilmiy muassasalari vakillari bilan madaniy diplomatiya, yumshoq kuch hamda O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi o‘rni yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi. Muhokamalar davomida kelgusidagi ilmiy hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

    Mazkur konferensiyada ishtirok etish JIDU talabasiga xalqaro ilmiy auditoriya oldida tadqiqot natijalarini taqdim etish, xorijiy olimlar bilan akademik aloqalarni kengaytirish hamda zamonaviy xalqaro munosabatlarga oid turli ilmiy yondashuvlar bilan tanishish imkonini berdi.

    Ushbu ishtirok JIDU talabalarining xalqaro ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi faolligi va O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasi hamda xalqaro nufuziga oid tadqiqotlarning xorijiy akademik maydonlarda taqdim etilayotganini namoyon etadi.