Salento universiteti talabalari JIDUda til stajirovkasini o‘tdi

Salento universiteti talabalari JIDUda til stajirovkasini o‘tdi

    Salento universiteti talabalari JIDUda til stajirovkasini o‘tdi

    Salento universiteti talabalari JIDUda til stajirovkasini o‘tdi

    2026-yil 1-martdan 1-aprelgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Italiyaning Salento universitetidan to‘rt nafar filolog talaba — Marika, Martina, Mariya va Dezire stajirovka o‘tdi. Ular o‘z universitetida rus tilini akademik fan sifatida o‘rganadilar, Toshkentda esa nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Stajirovka O‘zbek va rus tillari kafedrasi rahbarligida o‘tkazildi. Talabalar tengdoshlari bilan norasmiy muloqot va jonli so‘zlashuv nutqi orqali rus tilini bilish darajasini oshirdilar. Universitet muhiti ular uchun asosiy til amaliyoti maydoniga, rus tili esa muloqot va do‘stona aloqalar o‘rnatish vositasiga aylandi.

    Tilni mamlakat madaniyatidan ajratib o‘rganib bo‘lmaydi, shu bois dasturning madaniy-ma’rifiy yo‘nalishi ta’lim jarayonining to‘laqonli qismi bo‘ldi. Italiyalik mehmonlar universitet miqyosida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tantanalarida faol ishtirok etdilar. Ular milliy kuylar, bayramning bahoriy bezaklari, an’anaviy taomlar va o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan tanishdilar. Talabalar arqon tortish va stol tennisi musobaqalarida qatnashdilar, shuningdek, o‘zbek milliy raqslarini ijro etdilar.

    Stajirovkaning yana bir muhim tadbiri akademik F. N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘iga uyushtirilgan sayyor ta’limiy ekskursiya bo‘ldi. Uni O‘zbek va rus tillari kafedrasi katta o‘qituvchisi Natalya Bukreyeva olib bordi. Bog‘ xiyobonlari bo‘ylab ekskursiya ochiq havodagi mashg‘ulot shaklida o‘tdi. Markaziy Osiyo florasining noyob kolleksiyasi va bog‘ tarixi bilan tanishar ekan, talabalar mavzuga oid lug‘at boyligini oshirdilar, tabiat va poytaxtni obodonlashtirish masalalarini muhokama qildilar hamda o‘z yurtlari haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.

    O‘zbekistondagi stajirovka italiyalik talabalarda eng iliq taassurotlar qoldirdi. Ular o‘zlari bilan madaniyatlararo jonli muloqot tajribasini, Toshkent bahorining taftini va yangi do‘stlarni olib ketdilar.