
JIDUda kichik davlatlar uchun sun’iy intellektni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda kichik davlatlar uchun sun’iy intellektni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

2026-yil 20-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Siyosatshunoslik yo‘nalishining 3-bosqich talabalari uchun “Qoidalarni o‘rgan, strategiyalarni bahola, qaror qabul qil: kichik davlatlar uchun sun’iy intellektni boshqarish” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsini xalqaro munosabatlar, sun’iy intellektni boshqarish va raqamli siyosat bo‘yicha tadqiqotchi, Buyuk Britaniyaning York universitetida PhD ilmiy darajasini olgan, Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha Oxus jamiyatining Uzbekistan Futures Programme dasturi ishtirokchisi doktor Dilafroz Gulomova olib bordi. Taklif etilgan ekspertni Siyosatshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Kamronbek Davlatov kutib oldi va uchrashuvga moderatorlik qildi.
Mahorat darsida xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlatlarning sun’iy intellektni global boshqarish tizimini shakllantirishdagi o‘rni, shuningdek, Yevropa Ittifoqining sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonuni (EU AI Act), YUNESKOning sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha tavsiyanomasi va Bletchli deklaratsiyasi kabi muhim xalqaro hujjatlar muhokama qilindi.
Ayniqsa, O‘zbekiston kabi kichik davlatlarning sun’iy intellektni xalqaro boshqarish jarayonlaridagi strategik imkoniyatlari va duch kelayotgan muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Interaktiv muhokamalar, xalqaro hujjatlar tahlili va siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonini modellashtirish orqali talabalar sun’iy intellektni boshqarishga oid turli yondashuvlarni baholadilar hamda O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqdilar. Bu jarayon ularning tahliliy fikrlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.



