
JIDUda sud faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi
JIDUda sud faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Sudlar faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi shogird-o‘qituvchisi Ismoilova Munira Farhod qizi tomonidan talabalarning nazariy bilimlarini amaliy misollar asosida mustahkamlash, sud-huquq sohasidagi zamonaviy islohotlar va raqamli texnologiyalar imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Mahorat darsida soha mutaxassisi – Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Sattorov Saidislom Shaydulla o‘g‘li ishtirok etdi.
Tadbirda “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Xalqaro huquq” fakultetining 2-bosqich talabalari faol qatnashib, sud tizimidagi raqamli transformatsiya jarayonlari, zamonaviy huquqiy mexanizmlar va amaliy tajriba yuzasidan fikr almashdilar.
Mahorat darsi davomida O‘zbekiston Respublikasi protsessual qonunchiligi doirasida sud faoliyatini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari, elektron odil sudlovning afzalliklari, axborot tizimlaridan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy masalalar atroflicha tahlil qilindi.
Ma’ruzachi tomonidan elektron sud jarayonlarida hujjatlarni rasmiylashtirish, protsessual talablarni bajarish, amaliyotda uchraydigan xatolar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy masalalar aniq misollar asosida yoritib berildi. Shuningdek, uchrashuv davomida raqamli odil sudlovni rivojlantirish, sud tizimida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash va qonunchilik asosida samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 9-maqsadi – “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma” hamda 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Raqamli infratuzilma loyihalarining huquqiy mustahkamligi mamlakatimizda barqaror odil sudlov va sifatli tizimni shakllantirishning bosh garovi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida BRMning 16.3-bandi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish” tamoyillari axborot texnologiyalari erkinligi va raqamli tenglik bilan qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi.



