
JIDU talabasi Markaziy Osiyo ekspertlar forumida o‘z tadqiqotini taqdim etdi
JIDU talabasi Markaziy Osiyo ekspertlar forumida o‘z tadqiqotini taqdim etdi

13–14-noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi Ubaydullo Xo‘jabekov Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo ekspertlar forumida ishtirok etdi. Tadbir Germaniya-Qozog‘iston universiteti hamda Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Forum Markaziy Osiyoda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va strategik jarayonlarni muhokama qilish, dolzarb mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tadqiqotchilar, ekspertlar va olimlarni bir maydonga jamladi.
Tadbir doirasida U.Xo‘jabekov Sibir daryolari oqimini Markaziy Osiyoga yo‘naltirish g‘oyasining siyosiy va geosiyosiy jihatlariga bag‘ishlangan tadqiqotining dastlabki natijalarini taqdim etdi. Tadqiqotda ushbu keng ko‘lamli tashabbus atrofida shakllangan turli narrativlar, uning siyosiy va geosiyosiy talqinlari hamda mintaqaviy munozaralardagi o‘rni tahlil qilindi.
Sibir daryolari oqimini Markaziy Osiyo tomon yo‘naltirish g‘oyasi ayrim mutaxassislar tomonidan texnik va siyosiy jihatdan amalga oshirilishi murakkab, hatto utopik tashabbus sifatida baholanadi. Shunga qaramay, mazkur masala mintaqaviy suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, ekologik hamkorlik hamda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar istiqboli bilan bog‘liq muhim savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
Yosh tadqiqotchining ta’kidlashicha, bunday yirik tashabbuslarning ahamiyati faqat ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Hatto amalga oshish istiqboli noaniq bo‘lgan loyihalar ham geosiyosiy diskurs, strategik tafakkur va mintaqaviy siyosiy kun tartibining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois mazkur g‘oyani ilmiy jihatdan o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Forumda ishtirok etish JIDU talabasi uchun o‘z ilmiy izlanishlarini xalqaro akademik hamjamiyatga taqdim etish, tajribali olimlar va ekspertlar bilan fikr almashish hamda tadqiqoti yuzasidan konstruktiv tavsiyalar olish imkonini yaratdi. Shuningdek, u mintaqaviy jarayonlarni tahlil qilishga doir turli ilmiy yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi.
Ostonada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo ekspertlar forumi yosh tadqiqotchi uchun nafaqat ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etish, balki yangi akademik aloqalarni o‘rnatish, ilmiy salohiyatini oshirish hamda mintaqa kelajagi bilan bog‘liq muhim muhokamalarga hissa qo‘shish imkoniyati bo‘ldi.



