JIDUda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarining huquqiy jihatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

JIDUda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarining huquqiy jihatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDUda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarining huquqiy jihatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDUda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarining huquqiy jihatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    Joriy yilning 9-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish doirasida “Xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarining huquqiy asoslari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

    Mazkur tadbir “Xalqaro huquq” fakultetining 3-bosqich talabalari uchun o‘tkazilib, ularning xalqaro transport huquqi sohasidagi nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratildi. Mahorat darsi “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professori Dilfuza Imamova tomonidan tashkil etildi.

    Tadbirga xalqaro transport huquqi sohasida faoliyat yurituvchi amaliyotchi mutaxassis, “CARGODEAL” MChJ bosh yuriskonsulti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ra’no Ismoilova taklif etildi.

    Mahorat darsi davomida ekspert tomonidan xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari, jumladan, 1956-yildagi Xalqaro avtomobil transportida yuk tashish shartnomasi to‘g‘risidagi Konvensiya (KDYTK) hamda 1975-yildagi TIR karnetidan foydalanish to‘g‘risidagi Bojxona konvensiyasi qoidalari batafsil yoritildi.

    Shuningdek, xalqaro yuk tashish shartnomalarini tuzish va bajarish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy muammolar, sud amaliyoti hamda nizolarni hal etish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

    Tadbir davomida talabalar mavzu yuzasidan faol ishtirok etib, xalqaro tashuvlarning huquqiy va amaliy jihatlariga oid savollar berdilar hamda ekspert bilan mazmunli fikr almashdilar. Ushbu muloqot talabalarga xalqaro transport huquqining amaliy jihatlarini chuqurroq anglash imkonini berdi.

    Mazkur mahorat darsi Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi – “Sifatli ta’lim” doirasida talabalarga zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish va amaliy bilimlarini kengaytirishga xizmat qildi.

    Shuningdek, tadbir BRMning 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” tamoyillari bilan hamohang bo‘lib, xalqaro tashuvlarni huquqiy tartibga solish, qonun ustuvorligini ta’minlash va transport munosabatlari ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish masalalarini chuqur o‘rganishga imkon yaratdi.

    Bundan tashqari, mazkur tashabbus BRMning 17-maqsadi – “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” doirasida universitet va professional yuridik hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, amaliy tajribalarni ta’lim jarayoniga keng jalb etish hamda akademik muhit va yuridik amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.

    Xalqaro soha mutaxassislari ishtirokidagi bunday mahorat darslari talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, amaliy bilimlarini boyitish va kelgusidagi professional faoliyatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishida muhim ahamiyat kasb etadi.