Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

    Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

    Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

      Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bugun nafaqat ekologik zarurat, balki davlatlarning iqtisodiy raqobatbardoshligi, energetika xavfsizligi va xalqaro hamkorlik salohiyatini belgilaydigan muhim omilga aylanmoqda.

     Shu nuqtai nazardan, Turkiyaning Antali­ya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) O‘zbekiston uchun xalqaro iqlim diplomatiyasidagi ishtirokini mustahkamlash, “yashil” investitsiyalarni jalb etish va barqaror iqtisodiy taraqqi­yotni jadallashtirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

    So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi xalqaro muno­sabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Global haroratning ko‘tarilishi, suv resurslarining kamayishi, qurg‘oqchilik va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi davlatlardan nafaqat milliy darajada choralar ko‘rishni, balki o‘zaro kelishilgan xalqaro siyosat yuritishni ham talab qilmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo uchun iqlim o‘zgarishi oqibatlari jiddiy ahamiyat kasb etadi. Mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho‘llanishning oldini olish, qishloq xo‘jaligini yangi iqlim sharoitlariga moslashtirish va energetika tizimini modernizatsiyalash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

    O‘zbekiston ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, iqlim masalalarini tashqi siyosat, iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy hamkorlik bilan uzviy bog‘lashga intilmoqda. COP31 ana shu yondashu­vni xalqaro maydonda ilgari surish uchun muhim diplomatik platforma bo‘lishi mumkin.

    O‘zbekiston Parij bitimi ishtirokchisi sifatida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan siyosat yuritmoqda.

    Mamlakatda qayta tiklanu­vchi energiya manbalarini rivo­jlantirish, energiya samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqtisodiyot tarmoqlarida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha islohotlar olib borilyapti. Bu jarayonda iqlim diplomatiyasi alohida o‘rin tutadi. U ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, milliy manfaatlarni himoya qilish va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishni ham o‘z ichiga oladi.

    O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqa­sida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari bunga yaqqol misoldir. COP31 doirasida ushbu tajribani xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun qo‘shimcha moliyaviy va texnologik resurslarni jalb qilish imkoniyatlari mavjud.

    Yana bir jihati, bugungi kunda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekiston­ning uzoq muddatli rivojlanishida mu­him ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizning bu boradagi siyosati resurslardan samarali foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. Xususan, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ushbu o‘zgarishlarning amaliy ifodasidir. Mamlakatda mazkur energiyalarga o‘sib borayotgan talab qayta tiklanuvchi energetikaga inves­titsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratadi.

    Shu bilan birga, “yashil” iqtisodiyot faqat energetika sohasi bilan cheklanmaydi. Sanoat korxonalarida en­ergiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini kengaytirish, ekologik transportni rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash ham ushbu jarayonning ajralmas qismidir.

    Biroq “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish katta hajmdagi investitsiyalarni talab qiladi. Shu sababli iqlim moliyasi COP31 kun tartibida O‘zbekiston uchun eng muhim masalalardan biri bo‘lishi mumkin. Xususan, “yashil” obli­gatsiyalar, imtiyozli kreditlar, grantlar, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va xalqaro iqlim jamg‘armalari orqali moliyalashtirish manbalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan COP31 O‘zbekiston uchun aniq investitsiyaviy takliflarni xalqaro hamkorlarga taqdim etish va yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish maydo­niga aylanadi.

    Shuni ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari, transchegaraviy daryolar, energetika tizimlari va qishloq xo‘jaligi o‘zaro cham­barchas bog‘liq. O‘zbekiston bu borada ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash, suv va energetika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatiga ega.

    Iqlim siyosati samaradorligi esa faqat “issiqxona gazlari” chiqindilarini qisqartirish bilan o‘lchanmaydi. Uning muhim mezonlaridan biri aholi hayoti va iqtisodiyotning iqlim xavflariga nisbatan bardoshliligini oshirishdir.

    O‘zbekiston sharoitida bu, avvalo, suv tanqisligiga moslashish, qishloq xo‘­jaligida hosildorlikni saqlash, issiqlik to‘lqinlarining aholi salomatligiga ta’sirini kamaytirish va tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni kuchaytirishni anglatadi.

    Qolaversa, xalqaro iqlim konferensiyalarining ahamiyati ularda qabul qilingan bayonotlar bilangina emas, balki erishilgan kelishuvlarning amalda qanday bajarilishi bilan ham belgilanadi. Shu bois O‘zbekistonning COP31 doirasidagi ishtirokini aniq iqtisodiy va institutsional natijalarga yo‘naltirish muhim. Bunda investitsiyaga tayyor “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, xalqaro moliyalashtirish mexanizmlar­idan foydalanish salohiyatini oshirish va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.

    COP31 O‘zbekiston uchun xalqaro iqlim diplomatiyasidagi ishtirokini yan­gi bosqichga olib chiqish va “yashil” iqti­sodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish imkoniyati bo‘lib, endilikda asosiy va­zifa global iqlim tashabbuslarini milliy iqtisodiyotning aniq ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirishdan iborat.

    Suriya TO‘RAYEVA,

    JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi dotsenti

    “Xalq so‘zi” gazetasi

    №236