
U. Q. Qurbonov nomidagi Respublika Bolalar ruhiy-asab kasalxonasida talabalar tomonidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
U. Q. Qurbonov nomidagi Respublika Bolalar ruhiy-asab kasalxonasida talabalar tomonidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

“Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi” doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari tomonidan U. Q. Qurbonov nomidagi Respublika Bolalar ruhiy-asab kasalxonasida davolanayotgan bolalar uchun xayriya tadbiri o‘tkazildi. Talabalar tomonidan yig‘ilgan uchta quti to‘la turli zarur buyumlar kasalxona bolalariga topshirildi.
Mazkur tashabbus BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi — “Sifatli ta’lim”, 10-maqsadi — “Tengsizlikni kamaytirish” hamda 12-maqsadi — “Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish” g‘oyalariga bag‘ishlandi. Xayriya orqali davolanayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, har bir bola, shu jumladan sog‘lig‘ida muammolari bo‘lgan bolalar ham teng imkoniyat va hurmatga loyiq ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, yig‘ilgan buyumlar bolalarning bilim olishi va rivojlanishiga ko‘maklashishi, foydalanishga yaroqli buyumlarning ikkinchi marta ishlatilishi esa mas’uliyatli iste’mol madaniyatini aks ettirishi qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar bolalar bilan muloqot qilib, ularga iliq so‘zlar va ezgu tilaklar bildirdilar. Mazkur tashabbus yoshlarda ijtimoiy mas’uliyat, mehr-oqibat va o‘zaro yordam madaniyatini shakllantirishga, shuningdek, kasalxonada davolanayotgan bolalarni ruhan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.




