
JIDUda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi

2026-yil 9-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Ualid Fuk Janobi Oliylari ishtirokida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani hamda Xalqaro munosabatlar kafedrasi hamkorligida 4-bosqich talabalari uchun “Jahon siyosatida gender tengligi” fani doirasida tashkil etilib, zamonaviy diplomatiya, xalqaro siyosatning dolzarb masalalari va global boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlandi.
Mahorat darsi davomida elchi o‘zining diplomatik faoliyati va kasbiy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy diplomat uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar, diplomatik faoliyatning o‘ziga xos jihatlari hamda xalqaro munosabatlardagi murakkab jarayonlarni tahlil qilishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi, davlat boshqaruvi, texnologik taraqqiyot, sog‘liqni saqlash va makroiqtisodiy jarayonlarning xalqaro siyosatga ta’siri, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda Fransiya tajribasi muhokama qilindi. Xalqaro nodavlat aktorlarning mintaqaviy va global jarayonlardagi o‘rni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi hamda Yevropa Ittifoqini isloh qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Elchi Fransiyaning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari, shuningdek, Yaqin Sharq va Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi insonparvarlik faoliyati haqida fikr bildirdi.
Uchrashuvning savol-javob qismida talabalar xalqaro siyosat, diplomatik faoliyat va global muammolar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mahorat darsi talabalarning xalqaro munosabatlar sohasidagi nazariy bilimlarini amaliy diplomatik tajriba bilan boyitish, tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qildi.




