JIDU rektori Rustami Emomali boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasini kutib oldi

JIDU rektori Rustami Emomali boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasini kutib oldi

    JIDU rektori Rustami Emomali boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasini kutib oldi

    JIDU rektori Rustami Emomali boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasini kutib oldi

    2026-yil 4-noyabr kuni Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliysi Milliy Majlisi Raisi Rustami Emomali boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

    Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.

    Tashrif dasturi doirasida delegatsiya “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib, u yerda Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

    So‘ng mehmonlar Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi faoliyati bilan tanishdi. Delegatsiyaga zamonaviy transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, yashil hududlarni rivojlantirish hamda ijtimoiy obyektlar qurishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli shaharsozlik loyihasini amalga oshirish konsepsiyasi taqdim etildi.

    Tashrif dasturida ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Tojikiston vakillari “Yangi O‘zbekiston” universitetida bo‘lib, oliygoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, ta’lim jarayonining tashkil etilishi va zamonaviy o‘quv infratuzilmasi bilan tanishdilar.

    Tashrif davomida Rustami Emomali boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

    Mehmonlarga Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, O‘zbekistonning boy madaniy va ma’naviy merosini, shuningdek, mintaqaning buyuk mutafakkirlari va allomalarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aks ettiruvchi noyob tarixiy eksponatlar hamda ekspozitsiyalar namoyish etildi.

    Tojikiston delegatsiyasi vakillari Markazning tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi faoliyatini, shuningdek, uning islom sivilizatsiyasi yutuqlarini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishdagi o‘rnini yuqori baholadilar.

    Tashrif yakunida Rustami Emomali Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga esdalik yozuvini qoldirdi.

    Mazkur tashrif O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, parlamentlararo muloqot mustahkamlanib, ta’lim, fan va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengayib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.