
JIDUda Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 3-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Taldau AI Analytics Vasiylik kengashi raisi Maulen Ashimbayev boshchiligidagi Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro munosabatlar, diplomatiya va zamonaviy texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini muhokama qildilar.
M. Ashimbayevning mintaqadagi beshta davlat mutaxassislarini birlashtiruvchi yagona ekspert-ta’lim platformasi — Markaziy Osiyo tahlil maktabini tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Uning faoliyati mintaqaviy savdo, investitsiyalar, suv diplomatiyasi, barqaror rivojlanish, shuningdek, sun’iy intellektni qo‘llash va katta ma’lumotlarni (Big Data) tahlil qilish masalalarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
Tashabbusni amalga oshirishning birinchi bosqichi sifatida 2027-yilning bahorida Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 50 nafar mutaxassis ishtirokida ta’lim dasturini o‘tkazish taklif etildi.
JIDU rektori mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, universitetning xalqaro xavfsizlik, suv diplomatiyasi, mintaqaviy o‘zlikni anglash masalalari, sun’iy intellektni tartibga solish (AI Governance) va uni diplomatiyada qo‘llash kabi istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, tomonlar JIDUning Qozog‘istondagi yetakchi universitetlar va tahliliy markazlar bilan hamkorligini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda mintaqa mamlakatlari davlat organlari uchun amaliy tavsiyalar tayyorlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo tahlil maktabini tashkil etish tashabbusini atroflicha ishlab chiqish va uni amalga oshirishning bosqichma-bosqich rejasini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




