JIDUDA FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR VA DA’VO MUDDATINING HUQUQIY AHAMIYATI MUHOKAMA QILINDI

JIDUDA FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR VA DA’VO MUDDATINING HUQUQIY AHAMIYATI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR VA DA’VO MUDDATINING HUQUQIY AHAMIYATI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR VA DA’VO MUDDATINING HUQUQIY AHAMIYATI MUHOKAMA QILINDI

    Joriy yilning 3-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida fuqarolik huquqining muhim institutlaridan biri – «Fuqarolik huquqida muddatlar va da’vo muddati» mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur tadbir talabalarning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda muddatlarning ahamiyati, ularni hisoblash tartibi hamda buzilgan huquqlarni sud orqali himoya qilishda da’vo muddatining o‘rni haqidagi bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra professori Nargiza Raimova tomonidan tashkil etildi.

    Mahorat darsida «Umid Advokatlari Hay’ati» advokatlik tuzilmasi mutaxassislari Begnazarova Marjona, Uzakbergenova Gulnaz hamda Baymuratova Aysultan o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Tadbir davomida talabalar fuqarolik-huquqiy munosabatlarda muddatlarni qo‘llash, da’vo muddatini to‘g‘ri aniqlash va sud orqali huquqlarni himoya qilishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.

    Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining    11-bobi – «Muddatlarni hisoblash» hamda 12-bobi – «Da’vo muddati» normalari atroflicha tahlil qilindi. Xususan, muddatlarni belgilash va hisoblash tartibi, umumiy va maxsus da’vo muddatlari, da’vo muddatining boshlanishi, to‘xtatib turilishi va uzilishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasiga muvofiq umumiy da’vo muddati uch yil etib belgilanganligi, ayrim talablar bo‘yicha esa maxsus da’vo muddatlari qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirildi.

    Shuningdek, uchrashuvda milliy qonunchiligimizda fuqarolik-huquqiy munosabatlarda muddatlarni belgilash va hisoblash, da’vo muddatini qo‘llash hamda uning o‘tishi bilan bog‘liq huquqiy masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali boshqaruv” g‘oyalari bilan hamohangdir. Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilish hamda huquqiy aniqlikni ta’minlash mamlakatimizda huquqiy barqarorlikning muhim omili ekanligi alohida ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida BRMning 16.3-bandi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish” tamoyillari har bir shaxsning buzilgan huquqlarini tiklash kafolati bilan qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi. Bu kabi mahorat darslari bo‘lajak huquqshunoslarda fuqarolik-huquqiy nizolarni hal etish, muddatlarga rioya qilish va buzilgan huquqlarni o‘z vaqtida himoya qilishga nisbatan tahliliy yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.