JIDUda koreys tili va madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi

JIDUda koreys tili va madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda koreys tili va madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda koreys tili va madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 22–30-oktabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Koreys yozuvi kuni (Hangil) munosabati bilan koreys tili va madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

    Tadbirlar tashkilotchisi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Sharq tillari kafedrasi bo‘ldi.

    Tadbirlarning asosiy maqsadi talabalarning koreys tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni koreys yozuvining o‘ziga xos xususiyatlari, milliy an’analari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, interaktiv tanlovlar va qiziqarli o‘yinlar orqali madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

    Tadbirlarda universitetning 2–3-bosqich talabalari faol ishtirok etib, o‘zlarining til bo‘yicha bilimlari, ijodiy qobiliyatlari, topqirligi hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Dastur doirasida kafedra o‘qituvchilari tomonidan turli interaktiv va intellektual tanlovlar tashkil etildi.

    Dilnoza Nasullayeva tomonidan pantomima tanlovi o‘tkazilib, unda talabalar koreys tilidagi so‘z va iboralarni imo-ishoralar hamda harakatlar orqali tushuntirdilar. Mazkur mashg‘ulot ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalari va obrazli fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qildi.

    Olmos Niyozova bo‘g‘inlardan so‘z tuzish bo‘yicha tanlov tashkil etib, talabalarning lug‘at boyligini kengaytirish, til sezgirligi va tezkor fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratdi.

    Anastasiya Tsoy tomonidan savol-javob shaklidagi intellektual viktorina o‘tkazildi. Ushbu tanlov talabalarga koreys tili, Koreya tarixi va madaniyatiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazish hamda yanada boyitish imkonini berdi.

    Guzal Nurmatova talabalarni koreys xalqining an’anaviy milliy o‘yinlari bilan tanishtirdi. Mazkur o‘yinlar jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash, ishtirokchilar o‘rtasida faol muloqotni rivojlantirish va madaniy tajriba almashish uchun qulay muhit yaratdi.

    Tadbirlar davomida talabalar yuqori faollik va qiziqish namoyon etib, topshiriqlarni bajarishda ijodiy yondashdilar hamda koreys tili bo‘yicha egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yoshlarni boshqa xalqlarning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.