JIDU o‘qituvchisi Hindistonning TATA Ijtimoiy fanlar institutida malaka oshirdi

JIDU o‘qituvchisi Hindistonning TATA Ijtimoiy fanlar institutida malaka oshirdi

    JIDU o‘qituvchisi Hindistonning TATA Ijtimoiy fanlar institutida malaka oshirdi

    JIDU o‘qituvchisi Hindistonning TATA Ijtimoiy fanlar institutida malaka oshirdi

    2026-yil 14–27 oktabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Alisher Bobonazarov Hindiston Respublikasining Mumbay shahrida joylashgan Tata ijtimoiy fanlar instituti (Tata Institute of Social Sciences, TISS)da tashkil etilgan “Oliy ta’lim muassasalarini boshqarish” (Higher Education Administration) yo‘nalishidagi ikki haftalik malaka oshirish dasturida ishtirok etdi. Dastur Hindiston Tashqi ishlar vazirligining Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik (ITEC) dasturi doirasida, TISS huzuridagi Xalqaro aloqalar bo‘limi (Office for International Affairs) bilan hamkorlikda tashkil etildi. 1964-yilda tashkil etilgan ITEC dunyodagi eng qadimiy kadrlar tayyorlash dasturlaridan biri bo‘lib, shu kungacha 160 dan ortiq davlatning 200 mingdan ziyod mutaxassisini tayyorlagan. Dasturning asosiy maqsadi ishtirokchilarning oliy ta’lim muassasalarini boshqarish, strategik rejalashtirish va xalqarolashtirish bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

    Dastur yuqori saviyada tashkil etilib, unda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jami 100 soatlik o‘quv yuklamasining 60 soati auditoriya mashg‘ulotlariga, 40 soati esa seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar va dala tashriflari orqali amaliy tajribaga asoslangan o‘qitishga ajratildi. Mashg‘ulotlarni TISS hamda boshqa yetakchi oliy ta’lim muassasalarining professorlari olib bordi. O‘quv jarayoni uchta asosiy mavzu — oliy ta’lim muassasalarida boshqaruv, yetakchilik va strategik rejalashtirish; innovatsiyalar va jamoatchilik bilan hamkorlik; oliy ta’limni xalqarolashtirish — atrofida qurildi.

    Birinchi mavzu doirasida oliy ta’lim muassasalarini boshqarish modellari, boshqaruv jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash hamda manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. TISS Huquq, inson huquqlari va konstitutsiyaviy boshqaruv maktabi professori Arvind Tiwari oliy ta’lim muassasalarida samarali boshqaruv, ichki siyosat va tartib-qoidalar, hujjatlashtirish hamda ma’lumotlarni hisobotga tayyorlashdagi muammolar haqida ma’ruza qildi. Tata guruhi kadrlar bo‘limining sobiq rahbari Satish Pradhan oliy ta’limda yetakchilik va uning amaliy jihatlari bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, doktor Prem Prakash Pathak esa oliy ta’limda etika, qadriyatlar va yetakchilik mavzusida ikki qismli mashg‘ulot olib bordi. Shuningdek, ma’lumotlardan foydalanish va ko‘rsatkichlar belgilash orqali muassasa natijadorligini oshirish, zamonaviy pedagogik modellar hamda Hindistonda oliy ta’limning tarixiy rivojlanishi va sifatni ta’minlash tizimi masalalari IIT Bombay professori Ashish Pandey tomonidan yoritildi.

    Ikkinchi mavzu doirasida innovatsiyalarning oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ta’siri hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. TISS Kasb-hunar ta’limi maktabi dekani professor Madhushree Sekher kasb-hunar ta’limi va oliy ta’limni o‘zaro uyg‘unlashtirish haqida so‘zlab berdi. TISS Inson ekologiyasi maktabi vakili doktor Aparna Joshi esa jamoat bilan ishlash orqali aholi ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “iCall” amaliy loyihasi tajribasini taqdim etdi.

    Uchinchi mavzu — oliy ta’limni xalqarolashtirishga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda mobillik dasturlari, qo‘shma diplom dasturlari va xorijiy filiallar ochish kabi xalqarolashtirish modellari, ularning talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda muassasalar uchun afzalliklari va qiyinchiliklari tahlil qilindi. Xalqaro aloqalar bo‘limi katta menejeri Aastha Bajracharya xalqarolashtirish jarayonlarini boshqarish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, Notre Dame universitetining Mumbaydagi markazi direktori Dhiraj Mehra esa xalqaro hamkorlik va global sheriklik masalalarini yoritdi.

    Dastur faqat auditoriya mashg‘ulotlari bilan cheklanib qolmasdan, amaliy va madaniy tadbirlarni ham o‘z ichiga oldi. 16-oktyabr kuni Pune shahridagi Hindiston fan ta’limi va tadqiqotlar instituti (IISER Pune)ga, 23-oktyabr kuni esa Whistling Woods Institute’ga dala tashriflari tashkil etildi. Bundan tashqari, TISS kampusi bilan tanishuv, “Namaste India” (Hindiston bilan tanishuv) mashg‘uloti hamda Mumbay shahri bo‘ylab ekskursiya kabi madaniy tadbirlar ham dastur tarkibiga kiritildi. Dastur 27-oktyabr kuni yakuniy seminar va xayrlashuv tushligi bilan yakunlandi.

    Dastur davomida olingan bilim va ko‘nikmalar kasbiy rivojlanish uchun muhim ahamiyat kasb etdi — oliy ta’lim muassasalarini boshqarish, institutsional boshqaruv, huquqiy asoslar va sifatni ta’minlash sohasidagi bilimlar mustahkamlandi, shuningdek turli davlatlardan kelgan mutaxassislar bilan professional aloqalar kengaydi. Ushbu dastur oliy ta’lim sohasida bilim almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.