
BRM 16 – Tinchlik, adolat va kuchli institutlar: tarixiy meros va ajdodlar xotirasi asosida yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirish
BRM 16 – Tinchlik, adolat va kuchli institutlar: tarixiy meros va ajdodlar xotirasi asosida yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirish

2026-yil 7-may kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navnihol” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi dotsentlari Z. Israilova, Sh. Xamdamova va D. Soliyev tomonidan “Tarixiy meros va ajdodlar xotirasi asosida yosh avlod ongida vatanparvarlikni shakllantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda mahalla raisi H. Sattarov va mahalla aholisi ishtirok etdi.
Davra suhbati 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzachilar globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani asrab-avaylash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, ajdodlarning Vatan ravnaqi va xalq ozodligi yo‘lidagi fidoyiliklarini yod etish yoshlar qalbida milliy g‘urur, bag‘rikenglik va birlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Yoshlarni tarbiyalashda oila, ta’lim muassasalari va mahallaning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi: oila farzandlarga dastlabki vatanparvarlik saboqlarini beradi, ta’lim tizimi ularni ilmiy asosda boyitadi, mahalla esa yoshlarda jamoaviylik va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantiruvchi muhim ijtimoiy maktab vazifasini bajaradi.
Mahalla aholisiga quyidagi masalalar yuzasidan tushuntirish berildi: tarixiy meros va ajdodlar xotirasining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati; yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishda oila, mahalla va ta’lim muassasalarining o‘rni; milliy qadriyatlar va tarixiy xotira orqali jamiyat barqarorligini ta’minlash mexanizmlari; yoshlarda ijtimoiy mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish yo‘llari; globallashuv davrida yoshlarni turli mafkuraviy xatarlardan himoya qilish masalalari.
Ma’ruzachilar bag‘rikenglik, totuvlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va kuchli institutlar” bilan bevosita bog‘liq ekanini, uni amalga oshirishda har bir fuqaroning ishtiroki muhimligini qayd etdi. Tadbir yakunida aholini qiziqtirgan savollarga javob berildi.




