JIDUda professor E’tibor Sultonovaning 75 yoshlik tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

JIDUda professor E’tibor Sultonovaning 75 yoshlik tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

    JIDUda professor E’tibor Sultonovaning 75 yoshlik tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

    JIDUda professor E’tibor Sultonovaning 75 yoshlik tavallud ayyomiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosiy fanlar doktori, professor Sultonova E’tibor Sidiqovnaning 75 yoshlik tavallud ayyomi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ustozning shogirdlari, hamkasblari va talabalar ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori A.Umarov so‘zga chiqib, universitet jamoasi nomidan professor E’tibor Sultonovani muborak 75 yoshi bilan tabrikladi va ustozning universitet rivojiga, malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan munosib hissasini alohida ta’kidladi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining 2026-yil 9-oktabrdagi 1909-sonli buyrug‘iga asosan E’tibor Sidiqovna “Diplomatik xizmat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ma’lum qilindi va nishon tantanali ravishda topshirildi.

    Shuningdek, yubilyarga bir qator tabriknomalar yo‘llandi. Jumladan:

    •          O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva Senat jamoasi nomidan yo‘llagan tabriknomasida olimaning mustaqillikning ilk yillarida xotin-qizlar tashkilotlari faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlari respublikamizda gender siyosatini shakllantirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash va ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilganini, uning xalqaro sohaviy ilmiy kengashlar a’zosi etib saylangani esa o‘zbek ayollarining intellektual salohiyatini dunyoga namoyon etayotganini qayd etdi.

    •          O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev tabriknomasida ustozning ko‘p yillik diplomatik va ilmiy-pedagogik faoliyati, 200 dan ortiq ilmiy maqola va monografiyalar, ko‘plab o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda namunaviy dasturlar muallifi sifatida ta’lim sohasiga qo‘shgan salmoqli hissasi yuksak baholandi.

    •         O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z tabrigida yoshlarga puxta bilim berish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

    •          O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova tabriknomasida ustozning xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida yetuk kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi faoliyati yuqori baholandi.

    Tadbirda so‘zga chiqqanlar E’tibor Sidiqovnaning gender tengligi va xotin-qizlar masalalariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlari bu yo‘nalishdagi muhim ilmiy meros ekanini ta’kidladilar. Ustoz universitetda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashiga raislik qilib kelmoqda, uning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Lider qizlar” klubi esa yosh qizlarning yetakchilik salohiyatini oshirishda muhim maydonga aylangan.

    Ustozning shogirdlari qalb so‘zlarini izhor etib, magistratura va doktoranturada olgan saboqlari, ilmiy rahbarlik jarayonidagi g‘amxo‘rlik va talabchanlik uchun minnatdorlik bildirdilar. Yubiley munosabati bilan ustozga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami tayyorlanayotgani ham ma’lum qilindi.

    Tadbir so‘ngida ishtirokchilar ustozga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va ilmiy faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladilar.