
JIDU talabalari vijdon erkinligi va dinlararo munosabatlar masalalarini o‘rgandilar
JIDU talabalari vijdon erkinligi va dinlararo munosabatlar masalalarini o‘rgandilar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi talabalari uchun “Jamiyat va din” fani doirasida Toshkent shahridagi Iso Masihning Muqaddas Yuragi Rim-katolik cherkovida sayyor amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida talabalar O‘zbekistondagi katolik jamoasining tarixi, faoliyatining o‘ziga xos jihatlari hamda diniy tashkilotlarning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni bilan tanishdilar. 1912-yilda boshlangan cherkov qurilishi tarixi, shuningdek, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng katolik diniy jamoasi faoliyatining qayta tiklanishiga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar mamlakatning diniy va madaniy merosini asrab-avaylashning ahamiyatini ham ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalarning alohida mavzusi O‘zbekiston Respublikasida vijdon erkinligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslariga bag‘ishlandi. Talabalar Konstitutsiyada belgilangan har bir insonning istalgan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlovchi normalar, shuningdek, dunyoviy davlat tamoyillari, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilganligi hamda ularning qonun oldida tengligi masalalarini o‘rgandilar.
Amaliy mashg‘ulot doirasida diniy jamoalarning jamiyat bilan o‘zaro munosabatlari, ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlashda dinlararo muloqot hamda o‘zaro hurmatning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Mashg‘ulotning asosiy maqsadi aniq tarixiy misol asosida talabalarning jamiyat, din va davlat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik haqidagi nazariy bilimlarini chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi. Tashrif talabalarning tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, dinni ijtimoiy va ijtimoiy-siyosiy hodisa sifatida o‘rganishga xolisona yondashuvni shakllantirish, shuningdek, xalqaro munosabatlarda diniy omilning o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qildi.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar bo‘lajak xalqaro munosabatlar mutaxassislariga nazariy bilimlarini real ijtimoiy jarayonlar bilan bog‘lash, dunyoqarashini kengaytirish hamda ko‘p madaniyatli va ko‘p konfessiyali muhitda samarali kasbiy faoliyat yuritish uchun zarur kompetensiyalarni rivojlantirish imkonini beradi.



